Buxoro viloyatida 31 may kuni yuk mashinasi va yengil avtomobil to‘qnashuvi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda IIV Tergov departamenti matbuot xizmati.

Taxminan 17:30 lar atrofida Lacetti avtomashinaning haydovchisi 24 yoshli Sh. X. Jondor tumani cho‘l hududidan o‘tadigan A-380 G‘uzor-Beyneu avtomagistralining 301-kilometrida qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, 46 yoshli D. Sh, boshqaruvidagi MAN yuk mashinasining old qismiga uriladi.

Hodisa oqibatida Lacetti haydovchisi va old o‘rindiqda o‘tirgan 48 yoshli T.K. og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etishadi.

Mazkur holat yuzasidan Jondor tumani IIB tergov guruhi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi («Yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzish yoki odamlarning halok bo‘lishiga olib keladigan transport vositalaridan foydalanish») bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergovni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Tergov boshqarmasi olib bormoqda.