Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Asaka tuman bo‘limi tomonidan UzAutoMotors kompaniyasi ishga kiritib qo‘yish evaziga fuqarolarning 42 ming dollarini qo‘lga kiritgan firibgarlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga xabar berishicha, UzAutoMotors boshqarma boshliqlari va boshqa xodimlar prokuraturaga bu haqda murojaat qilgan. O‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, U-C qo‘shma korxonasi (kompaniya nomi qisqartirilgan) qo‘riqlash xizmati boshlig‘i A.Yu., korxona haydovchisi J.A. va boshqalar oldindan til biriktirib, 31 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni UzAutoMotors kompaniyasining tuman bo‘limiga turli lavozimlariga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 42 ming dollarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Mazkur holat yuzasidan A.Yu. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan 28-modda orqali (juda ko‘p miqdorda pora berishda ishtirok etish) jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov xarakatlari olib borilmoqda.