Qashqadaryo viloyatining Kitob tumani to‘liq karantinga yopildi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi viloyat hokimligi matbuot xizmatiga tayangan holda.

Qayd etilishicha, koronavirus bilan kasallanganlik bo‘yicha gumonlanish holati qayd etilgani, gumonlanuvchi ko‘plab fuqarolar bilan muloqotda bo‘lganligi munosabati bilan ehtiyot chorasi sifatida tuman hududi to‘liq karantinga yopilgan.

Gumonlanish o‘z tasdig‘ini topgunga qadar karantin talablari keskin kuchaytirilib, kirish-chiqish yo‘llari to‘sildi. Avtotransport va piyoda harakatlanish qat’iy nazoratga olindi.

Avvalroq O‘zbekistonda yana 8 kishida koronavirus aniqlanib, jami tasdiqlangan holatlar 3554 taga yetgani xabar qilingan edi. Yangi kasallanish holatlarining 3 tasi Karantin markazidagi fuqarolar orasida, 1 nafari Toshkent shahrida karantinda bo‘lgan fuqaroda, 4 nafari esa Buxoro viloyatida aniqlangan. Buxoroda COVID-19 aniqlanganlarning 3 nafari Shofirkon tumanida koronavirus aniqlangan haydovchi bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar, yana 1 nafari xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisi.