28 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Hujjatda koronavirus pandemiyasining salbiy ta’siri oqibatida eng ko‘p zarar ko‘rgan turizm sohasini jadal qayta tiklash maqsadida belgilangan sanitariya-gigiyena me’yorlari va talablariga qat’iy rioya etgan holda 1 iyunidan «yashil» va «sariq» toifadagi hududlarda ichki turizmni qayta yo‘lga qo‘yish belgilangan.

Shuningdek, turizm sohasiga yondosh tashkilotlar — turoperatorlar, turagentliklar, joylashtirish vositalari, madaniyat va madaniy meros ob’ektlari hamda boshqalarga — o‘z faoliyatini boshlashga ruxsat etildi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonga kirishga ruxsat etiladigan mamlakatlar ro‘yxati tuzilib, kirish turizmni bosqichma-bosqich qayta tiklash farmonda ko‘zda tutilgan.

Imtiyozlar va preferensiyalar

Bosh vazir o‘rinbosari va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduxakimov «Gazeta.uz»ga koronavirus pandemiyasining salbiy ta’siri oqibatida eng ko‘p zarar ko‘rgan turizm sohasini «qayta jonlantirish» uchun bozorning barcha ishtirokchilariga juda ko‘p imtiyozlar taqdim etilayotganini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, 1 iyundan 31 dekabrga qadar turoperatorlar, turagentlar va joylashtirish vositalari uchun foyda solig‘i stavkasi belgilangan stavkaga nisbatan 50 foizga kamaytiriladi. Shuningdek, 2021 yil 1 yanvargacha bo‘lgan davrda turistik (mehmonxona) yig‘imini hisoblash va to‘lash to‘xtatiladi.

Farmonda 2020 va 2021 yil yakunlari bo‘yicha turoperatorlar, turagentlar va joylashtirish vositalari ko‘rgan zararlarni O‘zbekiston Soliq kodeksida nazarda tutilgan miqdor bilan cheklamagan tarzda o‘tkazish huquqi berilishi belgilab o‘tilgan.

Joylashtirish vositalariga alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun mahalliy yig‘imni to‘lashni 2021 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatga davlat soliq xizmati organlarini xabardor qilish va keyinchalik ularni 12 oy mobaynida teng qismlarda to‘lash asosida foizsiz kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) huquqi taqdim etiladi.

Bundan tashqari, turoperatorlar va joylashtirish vositalariga Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan foizsiz ssudalar ajratiladi.

Farmonga ko‘ra, 1 iyundan 31 dekabrga qadar bo‘lgan davrda quyidagilarga belgilanadigan mezonlar asosida 12 oy muddatga bir martalik maqsadli foizsiz ssudalar ajratiladi:

  • turoperatorlarga 2019 yildagi o‘rtacha oylik ish haqi fondining 3 baravaridan oshmaydigan miqdorda;
  • joylashtirish vositalariga har bir yotoq o‘rni uchun bazaviy hisoblash miqdorининг 5 baravari miqdorida.

«Uch oy davomida turoperatorlar, mehmonxonalar ishlamadi. Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan foizsiz ssudalar beramiz, shunda ular ma’lum xarajatlarni qoplaydilar va ishchilarga maosh to‘laydilar», — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Shuningdek, turizm sohasidagi «startap» loyihalar va innovatsion biznes g‘oyalarni umumiy 1,5 milliard so‘m miqdorida qisman subsidiyalash orqali qo‘shimcha ko‘mak ko‘rsatiladi.

Hujjatda belgilanishicha, 2020 yil 1 iyundan 2021 yil 31 dekabrga qadar bo‘lgan davrda respublika hududlarida (Toshkent shahri bundan mustasno) xorijiy oshxona yoki alohida yo‘nalish bo‘yicha ixtisoslashgan tematik ovqatlanish shoxobchalari, ovqat va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish, shuningdek, suvenir mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha xizmatlarni tashkil etish bo‘yicha loyiha tashabbuskorlariga loyiha qiymatining 30 foizi, lekin har bir loyiha uchun 100 million so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda grantlar ajratiladi.

«Bu xizmatlarni diversifikatsiya qilish uchun juda muhim», — dedi Aziz Abduhakimov.

Farmonga binoan, 2022 yil 1 yanvarga qadar yuridik shaxslar belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan dezinfeksiya ishlarini olib borish uchun jihozlar, texnikalar, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun aloqasiz boshqariladigan (sensorli) jihozlar, shuningdek, hidsiz dezinfeksiyalovchi vositalar uchun bojxona to‘lovlarini to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar va qo‘shilgan qiymat solig‘idan tashqari) ozod etiladi.

Davlat tomonidan ko‘rsatiladigan qo‘shimcha ko‘mak

Farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishni boshlash uchun Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan 20 mlrd so‘m ajratiladi.

«2020 yil 1 iyundan 2021 yil 31 dekabrga qadar bo‘lgan davrda yangi turizm mahsulotlari va yo‘nalishlarini ishlab chiqish va targ‘ib qilishga gidlar uchun 5 million so‘m, turoperatorlar uchun 10 million so‘m miqdorida grantlar ajratish orqali qo‘shimcha ko‘mak ko‘rsatiladi», — ta’kildanadi farmonda.

Farmonda turizm sub’ektlariga davlat tomonidan qo‘shimcha ko‘mak ko‘rsatilishi belgilanib o‘tilgan. Jumladan, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagilarni subsidiyalanadi:

  • joylashtirish vositalarini qurish uchun tijorat banklari tomonidan avval berilgan kreditlar bo‘yicha 2020 yil 1 martdan 1 iyungacha bo‘lgan davrda turizm sohasi sub’ektlarining foiz xarajatlari;
  • joylashtirish vositalarini qurish uchun turizm sohasi sub’ektlariga avval berilgan kreditlar bo‘yicha 2020 yil 1 iyundan 2022 yil 1 yanvargacha bo‘lgan davrda foiz xarajatlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 10 foizlik punktdan ortiq bo‘lmagan qismi;
  • yangi sanitariya-gigiyena талаблариga muvofiqlashtirish uchun turizm sohasi sub’ektlariga beriladigan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 10 foizlik punktdan ortiq bo‘lmagan qismi;
  • aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun turizm sohasi sub’ektlariga beriladigan 1 milliard so‘mgacha miqdordagi kreditlar bo‘yicha 2020 yil 1 iyundan 31 dekabrga qadar bo‘lgan davrda foiz xarajatlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 10 foizlik punktdan ortiq bo‘lmagan qismi;

Shu bilan birga, 2020 yil 1 iyundan 2021 yil 31 dekabrga qadar joylashtirish bo‘yicha xizmatlar (mehmonxona xizmatlari) narxining 10 foizi miqdorida joylashtirish vositalarini subsidiyalanadi.

Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan O‘zbekiston rezidentlari — turoperatorlar va turagentlarga kirish turizmi qayta boshlangan kundan e’tiboran kirib keluvchi xorijiy turistlarning umumiy soni 500 ming nafarga yetgunga qadar kompensatsiya qilinadigan charter reyslar orqali olib kelinganlardan tashqari mamlakatgaga olib kelingan va xizmat ko‘rsatilgan har bir xorijiy turist uchun 15 AQSH dollari miqdorida,ularning O‘zbekiston hududida kamida besh sutka bo‘lishi sharti bilan rag‘batlantiruvchi subsidiyalar ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Kirish turizmi qayta boshlangan kundan e’tiboran 2020 yil 31 dekabrga qadar kamida 10 kishidan iborat xorijiy turistik guruhlar uchun O‘zbekistonda tur tashkil etish va ularning joylashtirish vositalarida kamida besh kecha tunab qolishi sharti bilan turoperatorlarning avia va temir yo‘l chiptalari bo‘yicha xarajatlarini chipta narxining 30 foizi miqdorida qisman subsidiyalanadi.

Hujjatda shuningdek, 2021 yil 1 iyunga qadar mehmonxonalarga toifa olish yoki oshirish uchun renovatsiya, rekonstruksiya hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha xarajatlarni olingan toifani kelgusi 3 yil davomida saqlash sharti bilan quyidagi miqdorda jamg‘arma hisobidan qoplanadi:

  • 3 yulduzli toifadagi mehmonxonalarning har bir xonasi uchun 5 million so‘m;
  • 4 yulduzli toifadagi mehmonxonalarning har bir xonasi uchun 10 million so‘m;
  • 5 yulduzli toifadagi mehmonxonalarning har bir xonasi uchun 15 million so‘m.

Ta’kidlanishicha, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tasarrufidagi texnikum va kollejlarga 2020 yilda o‘qishga qabul qilingan barcha tinglovchilarni o‘qitish, istisno tariqasida, davlat granti asosida amalga oshiriladi.

«Biz barchani davlat granti asosida o‘qishga qabul qilamiz. Ushbu sohada ko‘proq odamlarning hayotlarini turizm bilan bog‘lab turishi juda jozibali, chunki bu sohaning kelajagi juda katta», — dedi Davlat turizm qo‘mitasi rahbari.

Eslatib o‘tamiz, 27 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga «O‘zbekiston. Xavfsiz sayohat kafolatlangan» loyihasi taqdim etilgandi. Unga ko‘ra,birinchi bosqichda mamlakatning «yashil» hududlari o‘rtasida ichki turizmga ruxsat berish va keyinchalik koronavirus infeksiyasini jilovlangan davlatlar bilan turizm aloqalari tiklash ko‘zda tutilgan edi.