Navoiy viloyatining Karmana tumanida 33 yoshli Z. U. o‘zining uch oylik o‘g‘lini Navoiydagi kvartiraga almashtirmoqchi bo‘ldi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar qildi.

Ayol 23 may kuni qiymai 25 ming dollar bo‘lgan ikki xonali kvartiraning kadastr hujjatlarini olish vaqtida viloyat IIB xodimlari tomonidan ushlandi.

Holat yuzasidan Karmana tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi «a» bandi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borishga kirishilgan.

«Dastlabki tergov jarayonida Z.U. gumonlanuvchi tariqasida jalb qilinib, huquqlari advokat ishtirokida tushuntirildi, biroq gumonlanuvchi himoyachi xizmatidan voz kechishini ma’lum qildi va so‘roq qilindi», — deyiladi xabarda.

Tergov departamenti rahbariyati tomonidan mazkur jinoyat ishi alohida nazoratga olindi.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi vaqtlarda onalar tomonidan o‘z farzandlarini sotishga urinish holatlari ko‘paymoqda. Bundan avvalroq Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi ayol (1997 y. t.) ikki yoshli o‘g‘lini 7700 dollarga sotmoqchi bo‘lganida ushlangan edi. 19 may kuni esa Qoraqalpog‘istoning To‘rtko‘l tumanida 13 yoshli o‘g‘lini 15 ming dollar evaziga sotmoqchi bo‘lgan ayol qo‘lga olingan edi.