Surxondaryo viloyatining Denov shahridagi Amir Temur haykali qayta ko‘rib chiqiladi, deya xabar berdi Senat matbuot xizmati. Yodgorlikning tashqi qiyofasi so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

Haykalda sarkardaning uch halqadan iborat belgi biriktirilgan hassani qo‘lida tutgan siymosi aks etgan. Bu uch halqa Amir Temur va temuriylarning bosh ramzi hisoblanadi. Denov hokimiyati matbuot xizmatining qayd etishicha, yodgorlik shahar hokimligining 1996 yil 25 apreldagi farmoyishiga asosan bunyod etilgan

Oliy Majlis Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev ushbu masalani Denov shahar hokimi, arxitektura va qurilish boshqarmasi rahbari bilan o‘rgandi.

“Yurtdoshlarimizning asosli va o‘rinli takliflarini inobatga olgan holda ushbu haykalni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga ko‘rsatmalar berildi”, — deyiladi xabarda.

Sayfullayev sohibqiron siymosini gavdalantirishda barcha jihatlarga ahamiyat qaratib, kichik bir detallarni ham e’tibordan chetda qoldirmaslik zarurligini ta’kidladi.