Prezidentning «Tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish faoliyatida qiynoqning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori loyihasi ishlab chiqildi, deya ma’lum qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov.

Qaror loyihasida O‘zbekiston Qiynoqning oldini olish qo‘mitasini tashkil etish nazarda tutilgan bo‘lib, ushbu qo‘mita huquqni muhofaza qiluvchi alohida organ hisoblanadi. Mazkur organ insonning qiynoqdan himoya qilishga doir konstitutsiyaviy huquqini ta’minlash bo‘yicha respublika davlat boshqaruvi organi sifatida o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari, ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshirishi, o‘z faoliyatida prezident va Oliy Majlis palatalariga hisobdor bo‘lishi belgilangan.

Loyihada qo‘mitaning asosiy vazifalari sifatida:

  • jismoniy va yuridik shaxslarning qiynoqqa doir murojaatlarini ko‘rib chiqish;
  • qiynoq holatlariga doir ishlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirish;
  • jinoyat ishini yuritish chog‘ida ushlab turilgan shaxslarning yagona elektron reyestrini yuritish;
  • qiynoqdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararning o‘rni qoplanishini ta’minlash, ularga ijtimoiy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish;
  • qiynoq holatlari sodir etilishiga sharoit yaratgan mansabdor shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish va javobgarlik masalasi hal etilishini ta’minlash nazarda tutilgan.

Shuningdek, loyihada ushlab turilgan va qamoqqa olinganlar sutkaning istalgan vaqtida telefon orqali, shu jumladan videokonferensaloqa rejimidan foydalangan holda murojaat qilishi mumkin bo‘lgan Qiynoqning oldini olish qo‘mitasining «call-markazi»ni tashkil etish belgilangan.