25 may kuni O‘zbekiston Harbiy sudida Rafik Sayfulinga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi, deya xabar berdi O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati.

U O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 157-moddasi (davlatga xoinlik qilish) 1-qismi va 248-moddasi (qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalariga qonunga xilof ravishda egalik qilish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan edi.

Bir necha oy davomida o‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari tinglanib tahlil qilindi. Tergov organi tomonidan to‘plangan dalillarga baho berilib, sudlanuvchining vajlari tekshirildi.

Sud sudlanuvchi Rafik Sayfulinni yuqorida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topib, unga 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Sayfulin 2001 yilgacha prezident huzuridagi Strategik tadqiqotlar instituti direktori, so‘ngra Strategiya va istiqbolni belgilash oliy maktabi direktor o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.