Sog‘liqni saqlash vazirligi Andijon viloyatida aholi orasida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga sabab bo‘lgan ikki nafar xalqaro yuk mashinalari haydovchilariga oid ma’lumotlarni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, 22 may kuni Baliqchi tumanida yashovchi 50 yoshli R.R. Izboskan tumanida yashovchi sherigi, 32 yoshli B.Q. bilan birgalikda xalqaro yuk tashish avtomashinasida Rossiyadan Toshkent viloyati Qibray tumani hududidagi chegara-nazorat postiga yetib kelgan. Shu kunning o‘zida o‘rnatilgan tartib bo‘yicha postdagi SEOM xodimlari tomonidan har ikki haydovchidan koronavirus infeksiyasiga surtma olingan. Ertasiga, 23 may kuni B.Q. da gumon natija qayd etilganligi uchun takroran tahlil topshirgan, R.R.da esa kasallik aniqlanmagan.

Lekin haydovchilar belgilangan sanitariya qoidalariga rioya qilmasdan, chegara-nazorat posti avtoturargohidan uyiga chiqib ketishgan.

Shundan so‘ng huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari bilan o‘tkazilgan tezkor qidiruv va epidemiologik surishtiruv natijasida har ikki haydovchining ham o‘z uylaridan topilgan.

Shu orada dastlab tahlil natijalari gumon qilingan B.Q.da ham, u bilan doimiy muloqotda bo‘lgan ikkinchi haydovchi R.R.da ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan.

Epidemiologik surushtiruv natijasida Izboskan va Baliqchi tumanida R.R. va B.Q. bilan muloqotda bo‘lgan barcha 100 nafarga yaqin fuqarolar 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olingan.

«Achinarlisi, haydovchilarning e’tiborsizligi va sanitariya qoidalariga rioya qilmasligi sabab, ularning oila a’zolari, yaqinlari, qo‘shnilari va boshqa ko‘plab insonlarning koronavirusda gumonlanib karantinga olinishiga, ularning sog‘ligini xavf ostiga qo‘yilishiga sabab bo‘lgan», — deyiladi xabarda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi uy karantiniga olingan barcha fuqarolarni qoidalarga qat’iy amal qilish, jamoat joylarida bo‘lganda yoki koronavirus infeksiyasi alomatlarini o‘zida sezganda darhol o‘zini yakkalab, shifokorga murojaat qilishni so‘radi.

Shuningdek, karantin qoidalariga, jumladan, ijtimoiy masofani saqlash, qo‘l berib yoki quchoqlashib ko‘rishishdan tiyilish, sababsiz ko‘chaga chiqmaslik, jamoat joylarida to‘planmaslik, qo‘llarni tez-tez va yaxshilab yuvish, tibbiy niqob taqish kabi qoidalarga qat’iy amal qilishlar zarurligini eslatib o‘tdi.

Qayd etish joizki, 17 maydan buyon Andijon viloyatida aniqlangan holatlar 175 tani tashkil etib kelmoqda. Yuqoridagi holatlar 23 may kuni tasdiqlangan, biroq Sog‘liqni saqlash vazirligining bemorlar davolanish joyi bo‘yicha yuritilayotgan rasmiy statistikasiga kiritilmagan. Haydovchilar esa Andijon viloyatida davolanmoqda. 23 may kuni va keyingi kunlarda ham 175 talik ko‘rsatkich o‘zgarmadi (26−27 may kunlari hududlar bo‘yicha statistika e’lon qilinmadi).

«Gazeta.uz» so‘roviga javoban, Sog‘liqni saqlash vazirligi 23 may kuni tasdiqlangan holatlar Toshkent viloyati statistikasiga kiritilgani, chunki testlar ushbu hududda olinganini ma’lum qildi. Vazirlik payshanba kuni e’lon qilinadigan statistikada aniqlangan holatlar Toshkent viloyatidan Andijon viloyatiga o‘tkazilishiga ishonch bildirdi.