Toshkentdagi “O‘zbekiston” mehmonxonasining 80,1 foiz davlat ulushini Singapur kompaniyasi sotib oldi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 14 avgustdagi qaroriga muvofiq “Otel Uzbekistan” MCHJ QKning 80,1 foiz davlat ulushi ommaviy savdolarda sotilishi belgilangandi. Shu bois, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan “O‘zbekiston” mehmonxonasining 80,1 foiz davlat ulushi dastlab, 33 mln AQSH dollariga tanlov savdolari orqali sotuvga chiqarilgan edi.

Bunda, Agentlik mazkur davlat ulushini sotish shartlari qatorida sotib oluvchi tomonidan xarid to‘lovini to‘lashdan tashqari quyidagi majburiyatlarni amalga oshirishi belgilangan:

  • 2 yil muddatda 100 mlrd so‘m investitsiya kiritish;
  • davlat ulushini sotib olgandan so‘ng 10 yil davomida asosiy faoliyat turini (mehmonxona xizmatini ko‘rsatish) saqlash;
  • tashqi fasadini o‘zgartirmasdan mehmonxonani ta’mirlash;
  • mehmonxonani boshqarishga eng yaxshi menejerlarni jalb qilish.

Yuqorida ko‘rsatilgan narxda (33 mln dollariga) talabgorlardan murojaat tushmaganligi sababli, davlat ulushining boshlang‘ich narxi 10 foizdan bosqichma-bosqich 30 foizgacha pasaytirilgan holda 23,1 mln. AQSH dollari narxida tanlov savdolariga chiqarilgani ma’lum bo‘ldi.

Ma’lum qilinishicha, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan salohiyatli investorlarni jalb etish maqsadida mehmonxona biznesi va turizm sohasida faoliyat yuritayotgan Buyuk Britaniya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Singapur davlatlarining bu sohadagi taniqli kompaniyalari bilan muzokaralar olib borildi.

Muzokaralar natijalari bo‘yicha, “Otel Uzbekistan” MCHJ QKning 80,13 foiz davlat ulushini sotib olish bo‘yicha “Bashan Investment Group PTE. LTD” (Singapur) kompaniyasiнинг 24 oy mobaynida 23,2 mln dollar to‘lash, 1,5 yil ichida 100 mlrd so‘m investitsiya kiritish va 4 yulduzli mehmonxona tashkil etish taklifi Davlat tender komissiyasi tomonidan ma’qullandi hamda kompaniya bilan shartnoma imzolandi.

Ma’lumot uchun, “Bashan Investment Group PTE. LTD” mas’uliyati cheklangan kompaniya Singarurda 2005 yili 2 dekabr kuni ro‘yixatdan o‘tkazilgan bo‘lib, mazkur investitsion kompaniyaning asosiy faoliyat — boshqa xoldinglarni boshqarish, ikkilamchi faoliyati esa — doramalar (yapon seriallari), estrada shoularini (pop-shoular) va hujjatli filmlarni, shu jumladan, televizion shoularni ishlab chiqarishdir.