Toshkent viloyati Bo‘ka tumani hokimi o‘rinbosari Anvar Xonto‘rayev o‘qituvchilarni obodonlashtirish ishlariga majburlagani uchun 22,3 mln so‘m miqdorida jarimaga tortildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 19 aprel kuni Bo‘ka tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Anvar Xonto‘rayev tumandagi 12-umumta'lim maktabida 53 nafar ta’lim muassasasi rahbarlari va mahalla faollariga yig‘ilish o‘tkazgan.

“12-maktab direktori M.Xakimovaning o‘z vaqtida tomorqa bo‘yicha aholini xatlov qilmaganligi uchun uning kasbiy faoliyatiga asossiz aralashib, unga tazyiq o‘tkazib, barchani oldida izza qilib, sha’ni va qadr-qimmatini kamsitib, huquqlarini poymol etib undan tuman hokimi nomiga tushuntirish xati va joriy yilning 20 aprel kunidan ishdan bo‘shash to‘g‘risida arizasini olgan”, — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, 6−7 may kunlari hokim o‘rinbosari A.B.Xonto‘rayev tumanda faoliyat yuritayotgan 15-, 16-, 18-, 24-, 50-umumta'lim maktab direktorlariga tazyiq o‘tkazib, tuman markazidagi “Yoshlar maydoni"ga direktorlar va xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlarini ya’ni 25 kishini maydonda o‘sgan o‘tlarni o‘rish kabi majburiy mehnatga jalb qilgani aniqlandi.

Xalq ta’limi vazirining Nazorat-huquqiy xizmati aralashuvi bilan Anvar Xonto‘rayevning O‘zbekiston prezidenti qarorlariga zid harakatlari yuzasidan to‘plangan hujjatlarga qonuniy baho berish uchun vazirlik tomonidan joriy yilning 15 may kuni Toshkent viloyati Bandlik bosh boshqarmasiga yuborilgani ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, Toshkent viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi mazkur holatlarni qonuniy o‘rganib chiqib hokim o‘rinbosari Anvar Xonto‘rayevga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismi bilan 22,3 mln. so‘m jarima jazosi qo‘llanilgan.