26 may kuni qabul qilingan O‘zbekiston prezidentining qaroriga binoan Madaniyat vazirligining faoliyati takomillashtiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Unga muvofiq, “Axborot va kompyuter texnologiyalari markazi” davlat muassasasi “Yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va axborot-multimedia markazi” davlat muassasasi deb qayta nomlandi.

Madaniyat va san’at ko‘rgazmasi hamda Yoshlar madaniyat va san’at markazi tugatilib, ularning balansida bo‘lgan binolar hamda moddiy-texnik vositalari Madaniyat vazirligiga o‘tkaziladi.

Tashkiliy o‘zgarishlar qatorida vazirlik huzuridagi Madaniy meros departamenti va uning barcha hududiy boshqarmalari tuzilmasida tegishlicha yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Badiiy ekspertiza boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari tashkil etilishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, qaror bilan vazirlikka qarashli “Madaniy meros tiklash-ta'mirlash” DUK hamda departament huzuridagi “Meros chashmasi” DUK tugatildi.

Bundan tashqari, qarorda “Guliston”, “Teatr” va “Moziydan sado” jurnallari yagona tahririyatga birlashtirilishi belgilangan.

Qarorda qayd etilishicha, Madaniy meros ilmiy-tadqiqot институтига arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini yaratish, geodeziya va kartografiya faoliyati, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlarini asrashga doir faoliyat turlarini tegishli litsenziyalar olmasdan amalga oshirish huquqi berildi.

Mazkur hujjat bilan moddiy madaniy meros ob’ektlariga egalik qiluvchi va ulardan foydalanuvchi davlat organlari va boshqa yuridik shaxslar rahbarlari hamda jismoniy shaxslar zimmasiga moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish hamda ulardan oqilona foydalanishni ta’minlash bo‘yicha shaxsiy javobgarlik yuklatilishi belgilandi.

Hamda qarorga muvofiq O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi Madaniyat vazirlik tizimiga o‘tkazildi.