Toshkent vaqti bilan 28 may soat 01:33 da Ilon Maskga tegishli SpaceX kompaniyasi Falcon 9 raketasida ikki kosmonavtni — Bob Benken va Daga Xerlini — Xalqaro kosmik stansiyaga yetkazishni rejalashtirgan edi. Parvoz amalga oshirilishdan 16 daqiqa oldin ob-havo sharoitlari tufayli qoldirildi.

Foto: twitter.com/airandspace.

Vc.ru xabar berishicha, parvoz 19 soat davom etishi kutilayotgan edi. Astronavtlar stansiyada 30 kundan 119 kungacha bo‘lib, so‘ng Yerga qaytishi ko‘zda tutilgan edi.

Ta’kidlanishicha, «Crew Dragon» muvaffaqiyatli parvoz amalga oshirgan taqdirda, Rossiyaning kosmonavtlarni XKS ga uchirishda monopoliyasi barham topadi va NASA SpaceX kompaniyasini kosmik agentligining bosh pudratchisiga aylantiradi.

Agar SpaceX vazifani muvaffaqiyatli amalga oshirsa, koinotga odam va yuk tashishni nafaqat davlat tashkilotlari, balki xususiy kompaniyalar ham amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.

«RIA Novosti» ning ta’kidlashicha, kosmik kemalar XKSga 1998 yildan beri uchiriladi. Ularning aksariyati — yuk mahsulotlari. Ushbu vaqtgacha XKSga faqat ikki turdagi uchuvchilar tomonidan boshqariladigan apparat yuborilgan — Space Shuttle va Rossiyaning Soyuz raketasi. 2011 yilda Space Shuttle dasturi tugatilgan.

2012 yildan boshlab XKSga faqat Soyuz raketalari uchirilgan, jumladan amerikalik astronavtlar yetkazib berilgan.

Crew Dragon uchirilishi xususiy kompaniya tomonidan amalga oshirilgan birinchi uchuvchili parvoz bo‘ladi. Bundan avval SpaceX va boshqa kompaniyalar faqat yuk yetkazib berish bilan shug‘ullangan, astronavtlarni uchirish ularga ishonilmagan.

Agar parvoz muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, NASA Roskosmos bilan shartnomalarni bosqichma-bosqich bekor qilib va parvozlarda mablag‘ni tejashi mumkin. Astronavtlarni Soyuz raketasida yetkazib berish uchun NASA Roskosmosga o‘rtacha 55.4 mln dollar to‘lagan, lekin narx oshib borgan: 2006 yil uchirish narxi 21.3 mln dollarga teng bo‘lgan bo‘lsa, 2020 yilga kelib parvoz narxi 86 mln dollarga ko‘tarilgan. 2006 yildan buyon NASA Soyuz raketasidagi parvozlar uchun umumiy 3.6 mlrd dollar sarfladi.

SpaceX uchun bitta astronavtni uchirish narxi taxminan 55 mln dollar bo‘lishi kutilmoqda.