AQSH prezidenti Donald Trampning Twitter dagi xabarlari ishonchsiz bo‘lishi mumkin va qo‘shimcha tekshiruv kerakligini bildiradigan ma’lumot deya belgilandi. Bunga TJ nashriyoti e’tibor qaratdi.

Maxsus belgi berilgan xabarlarda Tramp demokratlar tashkillashtirayotgan pochta orqali ovoz berish jarayoniga izoh bergan. Uning fikriga ko‘ra, bunday saylovning natijalarini soxtalashtirish oson bo‘ladi. «Pochta qutilari o‘g‘irlanadi, saylov byulletenlari soxtalashtiriladi va hattoki noqonuniy ravishda bosib chiqariladi va aldov yo‘li bilan imzolanadi», — deya yozgan Tramp.


Twitter vakilining aytishicha, Trampning tvitlarida «ovoz berish jarayonlari to‘g‘risida adashtiradigan ma’lumotlar bor edi, ular saylov byulletenlari bo‘yicha qo‘shimcha kontekst bilan ta’minlash maqsadida belgilandi». Foydalanuvchi prezidentning xabarlarini ko‘rganda, ularga «Pochta orqali ovoz berish byulletenlari haqida ma’lumot oling» belgisi biriktirilgan bo‘ladi. Havola prezidentning so‘zlarini inkor etadigan xabarlarni ochadi.

Bunga javoban, Tramp ijtimoiy tarmoqni prezidentlik saylovlari kampaniyasiga aralashuvda aybladi.

«Ular ommaviy korrupsiya va sohtalashtirishga olib keladigan pochta orqali ovoz berish bo‘yicha bayonotim noto‘g‘ri deyishyapti. Bunda ular feyk axborot xizmatlari CNN va Washington Post tomonidan berilgan ma’lumotlarga asoslanishgan», — deya shikoyat qilgan prezident. Uning qo‘shimcha qilishicha, ijtimoiy tarmoq «so‘z erkinligini bo‘g‘moqda», u esa bunga yo‘l qo‘ymaydi.


Twitter fevral oyidan boshlab feyk xabarlar bilan kurashish bo‘yicha yangi usulni testdan o‘tkazishni boshladi. Ijtimoiy tarmoq odamlarni adashtirish uchun berilgan xabarlarga maxsus belgilar berib boradi.