Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida avtoservis qurish uchun 35 tup qarag‘ay daraxtini kesgan fuqaro 165 577 500 mln so‘m miqdorda jarimaga tortildi. Bu haqda Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.


Qayd etilishicha, tumanning «Bog‘iobod» mahallasida yashovchi fuqaro N.I. O‘zbekiston prezidentning farmoni bilan 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrgacha davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy joriy etilishiga qaramasdan, mahalla hududidagi bolalar uyingohi yonida sobiq shirkat xo‘jaligi davrida ekilgan ko‘p yillik o‘suvchanligini yo‘qotmagan jami 35 (o‘ttiz besh) tup qarag‘ay (sosna) archa daraxtini avtoservis qurish maqsadida kesib tashlagani ma’lum bo‘ldi.


«O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida"gi qonunning 37-moddasiga talablarini buzganligi uchun huquqbuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 5 (besh) baravari — 1 115 000 so‘m miqdorida ma’muriy jarimaga tortish haqida qaror qabul qilindi.

Shuningdek, huquqbuzarlik natijasida o‘simlik dunyosiga yetkazilgan 164 462 500 (bir yuz oltmish to‘rt million to‘rt yuz oltmish ikki ming besh yuz) so‘m zararni to‘lash majburiyati yuklandi.