26 may kuni Farg‘ona viloyatida yuk mashinasi eshak aravani bosib ketishi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, bir kishi jarohatlandi, deya xabar qildi IIV huzuridagi Tergov departamenti matbuot xizmati.

Soat 06:30 da Buvayda tumani Yangiqadam qishlog‘i hududidan o‘tgan O‘sh-Toshkent A-373 avtomobil yo‘lining 215-kilometrida 28 yoshli M.G‘. boshqaruvidagi MAN rusumli yuk avtomashinasida Toshkent shahar yo‘nalishida harakatlanib kelib, avtomashina qatnov qismining o‘ng chetida eshakka ulangan aravada borayotgan 46 yoshli J.E. va uning voyaga yetmagan farzandi 13 yoshli Z.J., larni urib yuborib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.

Mazkur YTH oqibatida eshak aravada bo‘lgan J.E., hodisa joyida vafot etgan, Z.J., esa turli ko‘rinishdagi tan jarohatlari bilan tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Holat yuzasidan Buvayda tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.