O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 may kuni investitsiyalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilishga yondashuvni o‘zgartirish hamda milliy sarmoyadorlarni qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanali xabar berdi.

Shu vaqtga qadar faqatgina xorijlik investorga taqdim etib kelinayotgan preferensiyalar endilikda mahalliy xususiy sarmoyadorlarga ham beriladi. Masalan, agarda xususiy investor qiymati 25 mln dollardan boshlanadigan loyihani amalga oshirishga kirishsa, tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari byudjet hisobidan qurib beriladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda chet ellik sarmoyadorlar uchun quyidagi imtiyoz va preferensiyalar berilmoqda: soliqqa tortiladigan daromad, QQS, yuridik shaxslar mol-mulk soliqlari va bojxona bojlari bo‘yicha imtiyozlar.

Yig‘ilishda tarmoqlar va hududlar kesimida koronavirus pandemiyasi sababli xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirishda xavf-xatarlar mavjudligi ham ko‘rib chiqildi. Bu kabi loyihalar istiqbollarini o‘rganish asosida ularni kechiktirish yoki yangilariga almashtirish lozimligi qayd etildi.

Xalqaro moliya institutlari kreditlari hisobiga moliyalashtirilayotgan 98 ta loyiha bo‘yicha mablag‘larni o‘zlashtirish darajasi tanqid qilindi.

2020 yilgi investitsiya dasturiga jami 3000 dan ortiq loyihalar kiritilgan bo‘lib, ular bo‘yicha 235 trln so‘m, shu jumladan 7 mlrd dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan.