26 may kuni O‘zbekistonda uchta (“Salomatlik” ordeni, “Sog‘lom turmush” medali va “Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni) yangi davlat mukofotlari ta’sis etildi. Tegishli qonunlar va farmon prezident tomonidan imzolangani haqida Adliya vazirligi ma’lum qildi.

“Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni

Prezident farmoni bilan “Mehr-saxovat” ko‘krak nishonini ta’sis etildi.

Endilikda, mazkur ko‘krak nishoni bilan koronavirus pandemiyasi davrida, shuningdek, turli tabiiy ofatlar, favqulodda holatlar tufayli mavjud xavf-xatarlarga qarshi kurashda, ularning oqibatlarini bartaraf etishda mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatgani, shuningdek beg‘araz homiylik yordami hamda ezgu ishlari bilan ko‘pchilikka alohida o‘rnak bo‘lgani, boshqa shu kabi tashabbuskorlik va faollik uchun mukofotlanadi.

Farmonda “Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni bilan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkinligi ta’kidlanadi.

“Salomatlik” ordeni

“Salomatlik” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida"gi qonun bilan ushbu orden bilan mukofotlash to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.


Unga ko‘ra, mazkur orden bilan mamlakatda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, aholi salomatligini yaxshilash hamda ushbu sohada xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdagi alohida xizmatlari uchun nafaqat O‘zbekiston fuqarolari, balki chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin.

“Salomatlik” ordeni ikki darajadan iborat bo‘lishi qonun bilan belgilandi.️ Bunda, mukofotlash avval II darajali orden, oradan kamida 3 yil o‘tganidan keyin I darajali orden bilan taqdirlash tarzida amalga oshiriladi.

Qayd etilishicha, I darajali “Salomatlik” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 30 baravari miqdorida, II darajali “Salomatlik” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar BHMning 25 baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti oladi.

“Sog‘lom turmush” medali

Shuningdek, 26 may kuni “Sog‘lom turmush” medalini ta’sis etish to‘g‘risida"gi qonun prezident tomonidan imzolandi.


Mazkur davlat medali bilan aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga qo‘shgan hissasi uchun sog‘liqni saqlash muassasalari shifokorlari, OAV vakillari va blogerlar, fuqarolar, namunali oilalar va sportchilar hamda boshqa shaxslar mukofotlanadilar.

Qonunga ko‘ra, medal bilan mukofotlangan shaxslar BHMning 10 baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti oladi va qonun hujjatlarida belgilanadigan imtiyozlardan foydalanadi.