Moliya vazirligi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasining daromad va xarajatlari haqida ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 27 may kuniga qadar Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘arma hisobiga jami 7,44 trln so‘m kelib tushgan. Ulardan 7,32 trln so‘mi xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlari bo‘lsa, qolgan 123,5 mlrd so‘mi Davlat byudjeti hisobidan. Jami jamg‘armaning xarajatlari 3,306 trln so‘m tashkil qilmoqda.

Iqtisodiyotni ko‘llab-quvvatlash

Eng ko‘p mablag‘ mamlakat iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash uchun sarflangan — jami 1,4 trln so‘m. Ushbu mablag‘ning 500 mlrd so‘mi «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ korxonalariga, 401 mlrd so‘m esa O‘zbekneftgaz AJga subsidiya sifatida berilgan. Shu bilan birga, aviatsiya sohasiga jami 507 mlrd so‘m sarflangan (406 mlrd so‘m «Uzbekistan Airways» AJga va 101 mlrd «Uzbekistan Airports» AJga ssuda berilgan). Qolgan 40 mlrd so‘m esa «Birinchi Rezinotexnika Zavodi» MCHJning xarajatlarini amalga oshirish uchun safarbar etilgan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi

Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligigiga 573 mlrd so‘m o‘tkazilgan. Ushbu summadan 270 mlrd so‘m test tizimlari, reaktivlar va himoya vositalarini sotib olish uchun sarflangan. Hududiy markazlarga 277 mlrd so‘m yo‘naltirilgan: 250 mlrd so‘m fuqarolarni karantinda saqlayotgan muassasalar xodimlarining ish haqi, oziq-ovqat, gigiyena tovarlari va boshqa harajatlarga; 18 mlrd so‘m jamoat joylarini dezinfeksiya qilish ishlariga, 9 mlrd so‘m epidemiologik holat bilan kurashish bo‘yicha tadbirlarga sarflangan.

Bundan tashqari, karantin tadbirlari va koronavirusga qarshi kurashda ishtirok etayotgan tibbiyot xodimlari va boshqa xodimlariga qo‘shimcha rag‘batlantirish uchun to‘lovlarga 12 mlrd so‘m sarflangan. 11 mlrd so‘m maxsus avtotransport vositalarini xarid qilish uchun yaratilgan. Yana ko‘shimcha 3 mlrd so‘mga teng mablag‘ karantinga olingan fuqarolarni dori-darmonlar bilan ta’minlashga safarbar etilgan.

Suv ta’minoti va irrigatsiya tadbirlari

Xarajatlar qatorida 504 mlrd so‘m suv ta’minoti va irrigatsiya tadbirlariga yo‘naltirilgan. Bunda, 246 mlrd so‘m irrigatsiya ob’ektlarini qurish va rekonstruksiyasi uchun, 61 mlrd so‘m «Hududiy Suv Ta’minoti» MCHJga ssuda tariqasida ajratilgan mablag‘lar, 57 mlrd so‘m Jizzax viloyati Zafarobod tumanidagi «Inshoot» ob’ekti qurilishiga, 53 mlrd so‘m Davlat ekologiya qo‘mitasiga ssuda sifatida, 39 mlrd so‘m uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga ichimlik suv ta’minoti va oqava suv chiqarish tizimlarini qurilishiga, 16 mlrd so‘m 20 ming o‘rinli aholini vaqtinchalik karantinda saqlash majmuasi suv ta’minoti uchun, 14 mlrd so‘m suv xo‘jaligi vazirligiga — Jizzax viloyatidagi irrigatsiya tadbirlari uchun, 10 mlr so‘m Orolni qutqarish jamg‘armasining irrigatsiya tadbirlariga va qolgan 8 mlrd so‘m 10 ming o‘rinli maxsus shifohonalar suv ta’minoti uchun ajratilgan.

Shifoxonalarni qurish va jihozlash

Jami 487 mlrd so‘m shifoxonalar va karantin majmualarini qurish va jihozlash uchun sarflangan. Ushbu mablag‘ning 286 mlrd so‘mi 10 ming o‘rinli maxsus shifoxonalar qurish uchun, 182 mlrd so‘m 20 ming o‘rinli aholini vaqtinchalik karantinda saqlash majmuasini qurish uchun, 10 mlrd so‘m diagnostika laboratoriyasi majmuasining rekonstruksiyasiga, 9 mlrd so‘m tibbiy jihoz va inventarlar, dori-darmon, dezinfeksiya ishlari va tibbiy buyumlar uchun sarflangan.

Ijtimoiy soha

Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan ijtimoiy sohaga jami 294 mlrd so‘m yo‘naltirilgan. Bunda, 60 mlrd so‘m kam ta’minlangan oilalarda yashovchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Kasaba uyushmalari Federatsiyasiga; 100 mlrd so‘m band bo‘lmagan fuqarolarni vaqtinchalik ishlarga jalb qilish uchun Jamoat ishlari jamg‘armasiga; 70 mlrd so‘m ijtimoiy nafaqalarga; 50 mlrd so‘m shaxsiy tomorqalarni rivojlantirish uchun ishsiz, kam ta’minlangan, oilalarga; 11 mlrd so‘m «Toshkent metrooliteni» va «Toshshahartransxizmat» xodimlariga ish haqi to‘lash uchun, 2 mlrd so‘m «O‘zavtotransservis» va «Toshshahartransxizmat» transport xarajatlarini qoplashga va 1 mlrd so‘m gumanitar yordamni olib kelishi bilan bog‘liq Mudofaa vazirligi xarajatlari uchun ajratilgan.