O‘zbekiston prezidenti raisligida 26 may kuni investitsiya masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi avvalida mamlakatda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida alohida to‘xtalib o‘tildi, deya xabar qildi prezident matbuot xizmati.

«Keyingi kunlarda koronavirus bilan kasallanganlar soni respublikamizda ham ko‘payganligi qayd etilmoqda. Aytish kerakki, aksariyat hudud va korxona rahbarlari, fuqarolarimiz karantin choralarining yumshatilganini „kasallik tugadi“ deb, noto‘g‘ri qabul qilmoqdalar», — dedi prezident.

Bugungacha chet eldan olib kelingan fuqarolar soni 47 mingtani tashkil etmoqda. Afsuski, ularning, ayniqsa keyingi ikki hafta davomida kirib kelganlarning aksariyatida koronavirus aniqlangan. Bemorlarning qariyb 50 foizini ham xorijdan kelgan fuqarolar tashkil etadi.

Keyingi 10 kunda 3,5 ming odam havo yo‘llari, 7 mingga yaqin vatandosh chegara postlari orqali mamlakatga kirib kelishi kutilyapti. Bunga qo‘shimcha yana 100 ming nafardan ortig‘i O‘zbekistonga qaytish istagini bildirib, navbat kutmoqda.

«Fuqarolarimiz qaytib kelayotgan davlatlar hamda qo‘shni mamlakatlardagi vaziyatning og‘irligini hisobga olib, xotirjamlikka berilish mumkin emas», — deya qayd etdi davlat rahbariyu

Bugungi kunda 40 ta tuman (shahar) «qizil», 45 tasi «sariq» hudud sifatida qolmoqda. Eng tashvishlisi, o‘tgan 10 kunda aholi o‘rtasida kasallanganlar soni ham oshib bormoqda. Jumladan, Navoiyda 57 ta, Samarqandda 73 ta, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 114 ta shunday holat aniqlangan.

Ayniqsa, bozorlar, savdo komplekslari, banklarda ijtimoiy masofaga amal qilmaslik, ko‘cha-ko‘yda tibbiy niqob taqmaslik, bemalol va xotirjam bo‘lib, uylarda turli tadbirlar o‘tkazish holatlari ko‘paymoqda.

«Bunday salbiy holatlar kasallikni aniqlash, oldini olish va davolash uchun qilayotgan barcha harakatlarimiz, byudjetdan olinayotgan trillionlab xarajatlarimiz natijadorligini yo‘qqa chiqarishi mumkin», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari Respublika komissiyasi viloyat hokimlari bilan birga bir kun muddatda epidemiologik vaziyat yomonlashgan hududlarning toifasini qayta ko‘rib chiqish hamda karantin choralarini kuchaytirish bo‘yicha taklif kiritishni topshirdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi «qizil» va «sariq» hududlarda kunlik test olish sonini oshiradi. Bunda tibbiyot muassasalari, bozorlar, banklar va aholi ko‘p joylarda nazorat testlar olishni ko‘paytiradi.

«Shu o‘rinda bir muhim masalaga e’tiborni qaratmoqchiman. Pandemiyaning iqtisodiyotga ta’sirini yumshatishga qaratilgan 16 ta hujjat qabul qildik. Lekin joylarda ushbu qarorlar ijrosini tashkil etish oqsamoqda, yaratilayotgan sharoit va imtiyozlarni fuqarolar va tadbirkorlarga manzilli yetkaza olmayapmiz», — dedi davlat rahbari.

Shuningdek, tuman, shahar, viloyat hokimlari, vazirlarga har oyda bir marta prezident qarorlari ijrosi bo‘yicha brifing o‘tkazib, ommaviy axborot vositalari, parlament vakillari va keng jamoatchilik oldida hisobot berib borish topshirildi.

Albatta, karantin choralarini yumshatish oqibatida 19 mingdan ziyod (91 foiz) sanoat, 9 mingta (76 foiz) qurilish, 51 mingta (52 foiz) xizmat ko‘rsatish, 45 mingta (44 foiz) savdo korxonalarining faoliyati tiklandi. Buning natijasida may oyida soliq va bojxona tushumlari o‘tgan oyning mos davriga nisbatan 230 milliard so‘mga, tovar-xom ashyo birjasida qurilish materiallari savdosi hajmi esa 20 foizga ko‘paydi.

Tijorat banklari tomonidan kredit ajratish hajmi o‘tgan oyning mos davriga nisbatan 13 foizga o‘sdi.

«Bu boradagi ishlarimizni karantin talablariga qat’iy amal qilgan holda, ham tarmoq, ham hudud kesimida manzilli tarzda davom ettirishimiz lozim», — deya ta’kidladi prezident.