Samarqandlik koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Samarqandlik I. shu yilning 19 may kuni viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida og‘ir ahvoldayotqizilgan. O‘tkazilgan tahlillar natijasida unda «Covid-19» infeksiyasitasdiqlangan. Paxtachi tumanida yashovchi63 yoshli (erkak) ushbu bemor 3 yildan buyon I-guruh nogironligi bo‘lib, surunkali buyrak yetishmovchiligi va anemiya og‘ir darajasi tashhisi bilan dispanser nazoratida turgan. 2017 yildan buyon doimiy gemodializ muolajasini olib kelgan.

Shu yilning 25 may kuni bemorning ahvoli yomonlashgan, burundan va ichki qon ketish belgilari paydo bo‘lgan va reanimatsiya bo‘limiga olingan. Bo‘limda bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar asosida reanimatsion yordam ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, vazirlikning turli yo‘nalishlar bo‘yicha bosh mutaxassislari va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi xodimlari tomonidan telemeditsina orqali konsiliumlar ham o‘tkazilib, doimiy nazorat ta’minlangan.

Biroq ko‘rsatilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan sun’iy nafas olish apparatida bo‘lgan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.