O‘zbekistonda so‘nggi 14 kun ichida 49 042 nafar shaxs karantinga olingan, 734 nafar fuqaroda koronavirus aniqlangan, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Vazirlik boshqarma boshlig‘i Bahromjon Igamberdiyevning ma’lum qilishicha, o‘tgan davrda 17 ta charter reyslar bilan olib kelingan 4056 nafar, chegara o‘tkazish postlari orqali mamlakat hududiga kirib kelgan 11216 nafar hamda muloqotda bo‘lganlar bilan birgalikda hisoblanganda jami 20035 nafaro fuqaro statsionar karantinga olingan.

Oxirgi ikki hafta ichida mamlakatda 734 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlangan bo‘lsa, shundan 283 nafari Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanidagi Karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasidan tasdiqlandi.


Tahlillarga ko‘ra, xorijdan charter reyslar bilan olib kelinganlar orasida eng ko‘p kasallanganlar 14 may kuni Sankt-Peterburgdan olib kelingan fuqarolarda aniqlanib, 86 nafarni tashkil etdi. Chegara o‘tkazish postlari orqali kirib kelganlar orasida eng ko‘p kasallanish holati esa Qozog‘istondan «G‘ishtko‘prik» chegara postidan kirib kelgan fuqarolar orasida aniqlandi. Ularning soni 99 nafar.

«Shu o‘rinda unutmaslik kerakki, ayni paytda davlat byudjetidan statsionar sharoitda tibbiy kuzatuvda bo‘lgan har bir fuqaro uchun bir kuni uchun o‘rtacha 153 ming 700 so‘m sarflanmoqda, — deya so‘zida davom etdi Baxromjon Igamberdiyev. —  14 kunlik karantin kuzatuvi muddati davomida kasallik aniqlanmagan va karantin muassasasida kasallanganlar bilan muloqotda bo‘lmagan fuqarolar maxsus ajratilgan transport vositalarida o‘z manzillariga yetkazib qo‘yilmoqda».

Statsionar va uy karantiniga olish tadbirlari boshlangan ilk kunlardan ayni paytga qadar karantinga olingan jami 394 181 nafar fuqarodan 348 292 nafari karantindan chiqarilgan. Shundan, uy karantiniga olingan 305 044 nafar fuqarodan 280 006 nafari chiqarilgan. Statsionar karantinga olingan 89 137 nafar fuqarodan esa 68 286 nafari chiqarilgan.