Rossiyada og‘ir vaziyatga tushgan 786 nafar O‘zbekiston fuqarosiga qariyb 4,9 mln rubl ($70 ming) miqdorida bir martalik moliyaviy yordam ko‘rsatildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligining matbuot xizmati ma’lum qildi. Mazkur yordam mamlakatning Moskvadagi elchixonasi ochgan xayriya hisob raqamiga saxiy tadbirkorlar va homiylardan kelib tushgan mablag‘lar hisobidan amalga oshirildi.

“Mehr” loyihasi ishga tushirilgan birinchi haftasida (14−15 may) Rossiyada bo‘lib turgan 202 ta O‘zbekiston fuqarosiga umumiy qiymati 1 million 220 ming 960 rubl miqdoridagi moliyaviy yordam ajratildi. Ular orasida — Rossiya oliy o‘quv yurtlari kunduzgi bo‘limida ta’lim olayotgan 190 ta talaba bor edi.

Shu bilan birga, 15−22 may kunlari esa 584 fuqaroga umumiy qiymati 3 mln 669 ming 806 rubl miqdorida moliyaviy yordam berildi. Ular 5 nafar nogiron, qaramog‘ida 2 yoshgacha farzandi bo‘lgan hamda homilasi 7 oylikdan oshgan 32 nafar ayol, COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangan 13 kishi hamda Rossiya oliy o‘quv yurtlari kunduzgi bo‘limlarida tahsil olayotgan 493 nafar talabalardir.

Kelib tushayotgan murojaatlar bilan samarali ishlash va mablag‘larni teng miqdorda taqsimlash, shuningdek, “mexr.rf” portali barqaror ishlashi uchun kuniga 1000 (ming) ta murojaat qabul qilish cheklovi o‘rnatildi.

Ma’lumot uchun, bir martali moddiy yordam Rossiyada bo‘lib turgan quyidagi toifadagi O‘zbekiston fuqarolariga to‘lab beriladi:

  • nogironlar — tegishli tasdiqlovchi hujjat (ma'lumotnoma) taqdim etilgan taqdirda;
  • qaramog‘ida 2 yoshgacha farzandi bo‘lgan hamda homilasi 7 oylikdan oshgan ayollar — zarur tasdiqlovchi hujjatlar (bolaning tug‘ilganligi haqidagi guvohnoma, tibbiyot muassasidan ma’lumotnoma) taqdim etilgan holda;
  • COVID-19 virusi tasdiqlangan shaxslar — tegishli tasdiqlovchi hujjat asosida;
  • Rossiya oliy o‘quv yurtlari kunduzgi bo‘limlarida tahsil olayotgan talabalar — o‘qish joyidan tegishli ma’lumotnoma asnosida.

Mazkur yordam Rossiyada belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kelib chiqqan holda bir martali pul mablag‘ini to‘lab berish shaklida amalga oshiriladi.