O‘zbekistondagi futbol klublarni xususiy sektorga o‘tkazish va futbol sohasini bozor mexanizmlari asosida boshqarish tavsiya qilinmoqda. Bu haqda Vazirlar mahkamasi tegishli qarorni qabul qildi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda bolalar va o‘smirlar o‘rtasida futbol bilan shug‘ullanishga qiziqishini oshirish va havaskor futbolni ommalashtirish maqsadida yuqori iqtidorga ega bo‘lgan yosh futbolchilarni tanlash va saralab olish (seleksiya) tizimini tashkil etish, futbol sohasiga xususiy investitsiyalarni keng jalb etish hamda futbol klublarini xususiy sektorga o‘tkazish mamlakatdagi hududiy futbol assotsiatsiyalarining asosiy rivojlanish yo‘nalishlari sifatida tavsiya etildi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan hududiy futbol assotsiatsiyalari faoliyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha daromadlari hisobidan moliyalashtirilishi ma’lum qilindi.

Qarorga ko‘ra, FIFA talablariga muvofiq, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan futbol bo‘yicha agentlar (vositachilar) faoliyatini tartibga solish va ularni akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi amaliyotga joriy etiladi.

Bundan tashqari, Respublika bo‘ylab tegishli hududda professional futbolni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi, jumladan, har bir tumandan (shahardan) hududiy birinchiliklarda ishtirok etuvchi kamida bitta futbol jamoasi va o‘tkaziladigan musobaqalarga mos ravishda markaziy stadion bo‘lishi ta’minlanadi.