Facebook kompaniyasi kichik va yirik biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun Facebook Shops internet-savdo platformasini ishga tushirdi.

Facebook Shops sotuvchilarga elektron vitrinalar yaratish va bir vaqtning o‘zida Facebook hamda Instagram bilan ishlash imkoniyatini beradi. Bu bilan Facebook kichik biznesni COVID-19 pandemiyasi vaqtida qo‘llab-quvvatlamoqchi.

Kelajakda kompaniya WhatsApp va boshqa ijtimoiy tarmoqlarining messenjerlarida ham onlayn-xaridlarni amalga oshirish imkonini yaratadi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, bu platforma turli hajmdagi sotuvchilarga mo‘ljallangan — «kichik biznes egasidan tortib, xalqaro brendlargacha». Platforma 19 may kuni ishga tushirildi va u «kelgusi oylarda keng ommaga taqdim etiladi».

Kompaniya e’tiborini AQSH va G‘arbiy Yevropa kabi rivojlangan mintaqalarda yangi xizmatni ishga tushirishga qaratadi, bu yerda kompaniya sotuvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘rganish uchun zarur resurslarga ega, deydi Mark Sukerberg.

Facebook asoschisining so‘zlariga ko‘ra, kelajakda Facebook Shops platformasida sotuvchilarni baholash tizimi ham paydo bo‘ladi. Soha mutaxassislarining Financial Times nashriga bergan izohlariga ko‘ra, Facebook ko‘plab funksiyalarni birlashtiradigan dasturni ishga tushirish bo‘yicha uzoq muddatli rejalarga ega.

Financial Times`ning ta’kidlashicha, bu xizmat — Amazon va eBay kabi yirik internet-savdo kompaniyalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchi bo‘la oladi. Buning sabablaridan biri shundaki, ushbu ijtimoiy tarmoqda xaridorga aylanishi mumkin bo‘lgan 2,6 mlrd foydalanuvchi bor. Lekin Facebook bosh direktori Mark Sukerberg Amazon tajribasini takrorlashga harakat qilmagani, kichik biznesga onlayn do‘konlarni yaratishda yordam beradigan, tahlillar va to‘lovlar bilan shug‘ullanadigan Shopify kabi xizmatlar bilan ishlashni afzal ko‘rishini aytdi.

Kelgusida Facebook Shops oziq-ovqat yetkazib berish xizmatlarining raqobatchisiga ham aylanishi mumkin. Sukerbergning ta’kidlashicha, ushbu platformada restoran va yetkazib berish xizmatlari bo‘yicha takliflar joylashtirilsa «yaxshi bo‘lar edi». Shuningdek, uning kompaniyasi yetkazib berish va logistika xizmatlarini amalga oshirish bilan ham shug‘ullanadi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Shops platformasi Facebook kompaniyasinining elektron tijorat bozoridagi imkoniyatlarini kengaytiradi va kompaniya bu sohada jiddiy ishtirokchiga aylanadi. Morgan Stanley mutaxassisi Brayan Novakning fikricha, Facebook istiqbolda ushbu loyiha orqali «milliardlab dollar» ishlab topishi mumkin. Deutsche Bank tahlilchisi Lloyd Uolmsli esa ushbu loyihadan umumiy foyda (reklama daromadlari va bitimlar ulushi) 30 mlrd dollarga baholanayotganini ta’kidladi.