O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida"gi qonun loyihasini e’lon qildi. Muhokamalar 6 iyunga qadar davom etadi.

Qonun loyihasiga berilgan tushuntirishda qayd etilishicha, mazkur loyiha davlat fuqarolik xizmati sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, davlat xizmatchilarining kasbga oid sifatlari va alohida xizmatlarini ob’ektiv hamda adolatli tanlov asosida xizmat pog‘onalari bo‘yicha o‘sish kafolatlarini o‘rnatish, davlat fuqarolik xizmatiga kirish, o‘tash va tugatish jarayonlarini tartibga solish, davlat fuqarolik xizmatchilarini kasbga layoqatliligini va professionalligini o‘sishida shart-sharoitlar yaratish maqsadida ishlab chiqilgan.

Ushbu qonun prezident, Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, Markaziy saylov komissiyasi, Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlari hamda sudyalardan tashqari barcha davlat fuqarolik xizmatchilariga tatbiq etiladi.

Qonun loyihasi 11 ta bob va 75 ta moddadan iborat. Unda, jumladan, prezident va Vazirlar Mahkamasining davlat xizmati sohasidagi vakolatlari, davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi, davlat xizmati tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha choralar (manfaatlar to‘qnashuvi, daromadlar, mol-mulk va yirik xarajatlarning deklaratsiya qilinishi), davlat xizmatchilari guruhlari va toifalari va boshqalar belgilab berildi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, davlat xizmatchisi kasbga oid sifatlari va alohida xizmatlarini ob’ektiv va adolatli baholash asosida xizmat pog‘onalari bo‘yicha o‘sish (meritokratiya), xizmat yuzasidan rahbariyatga o‘zining shaxsiy fikrini bildirish, o‘zi faoliyat yuritayotgan davlat organi yoki tashkiloti faoliyatini takomillashtirishga oid takliflarni berish, rahbarlar, boshqa mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan sha’ni va qadr-qimmatining hurmat qilinishi va boshqa huquqlarga ega.

Davlat xizmatchisi unga yuklatilgan xizmat vazifalarini vijdonan bajarish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, davlat fuqarolik xizmatining nufuzini tushurishga olib keluvchi yoki davlat fuqarolik xizmatchisi o‘z xizmat vazifalarini vijdonan bajarishga shubha tug‘diradigan har qanday harakatlardan o‘zini tiyish, shuningdek, har yili o‘zining daromadlar, mol-mulk va katta miqdordagi xarajatlar to‘g‘risidagi, shuningdek oila a’zolarining daromadlar, mol-mulk va katta miqdordagi xarajatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyasini taqdim qilishга majbur.

Prezident tomonidan belgilangan ro‘yxatda ayrim toifadagi davlat fuqarolik xizmatchilari, shu jumladan ular yaqin qarindoshlarining kengaytirilgan doirasiga nisbatan daromadlar, mol-mulk va ko‘p miqdordagi xarajatlarni deklaratsiya qilish yuzasidan qo‘shimcha talablar belgilanishi mumkin.

Davlat fuqarolik xizmatiga nomzodlar davlat fuqarolik xizmatiga ishga kirish vaqtida o‘zi va oila a’zolarining daromadlari, mol-mulki va ko‘p miqdordagi xarajatlari to‘g‘risida deklaratsiya topshirishlari shart. Deklaratsiya topshirilganligi haqidagi ma’lumotlar nomzodning davlat fuqarolik xizmatiga kirishidan oldin kadrlar bo‘linmalari tomonidan tekshiriladi.

Davlat fuqarolik xizmatchisi quyidagilarga haqli emas:

  • o‘zaro yaqin qarindoshlik yoki quda-andachilikda (ota-onalar, ota-onalarning aka-ukalari va opa-singillari, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘il, qizlar, er-xotinlar, shuningdek, er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari) bevosita lavozim bo‘ysunishida bo‘lgan davlat lavozimini egallashga, qonun hujjatlarida belgilangan holatlar bundan mustasno;
  • davlat fuqarolik xizmatchisining psixologik portretini tuzishda psixodiagnostik ko‘rikdan o‘tishni rad etishga;
  • davlat fuqarolik xizmatchilarining bazaviy bilimlarini hamda dunyoqarashini aniqlash bo‘yicha test sinovlarida qatnashishni rad etishga;
  • haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishga, pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyat bundan mustasno;
  • shaxsan yoki ishonchli vakillar tomonidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga;
  • tijorat tashkiloti boshqaruvi organi a’zosi bo‘lishga, davlat ulushi bo‘lgan tashkilotlar bundan mustasno;
  • davlat fuqarolik xizmatchisi o‘zi xizmat qiladigan yoki ularning mustaqilligini buzilishiga olib keladigan aloqalar va manfaatlarga ega bo‘lgan davlat organi yoki tashkilotning nazorati ostidagi tashkilotlarda ulushlar, paylar va aksiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki vakillar orqali sotib olishga;
  • va boshqalar.

Hujjatga ko‘ra, manfaatlar to‘qnashuvi, shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdor shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolar, tashkilotlar, jamiyat yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat.

Davlat fuqarolik xizmatchilarining shaxsiy manfaatdorligi o‘ziga yoki yaqin qarindoshlariga, o‘zi bilan yaqin yoki ishchi aloqada bo‘lgan shaxslarning moddiy yoki nomoddiy (nomulkiy) foyda olishni har qanday bevosita imkoniyatini o‘z ichiga oladi.

Manfaatlar to‘qnashuvi paydo bo‘lgan taqdirda, davlat fuqarolik xizmatchisi yozma ravishda o‘zining rahbari yoki yuqori turgan manfaatdor shaxsni xabardor qilishi lozim.

Davlat fuqarolik xizmatiga kirish ochiq mustaqil tanlov asosida nomzodni davlat lavozimiga tayinlash orqali amalga oshiriladi. Tanlovni o‘tkazishda nomzodlarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqei bo‘yicha kamsitishlarga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bo‘sh davlat lavozimlari to‘g‘risida axborot “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan foydalangan holda davlat fuqarolik xizmati masalalari bo‘yicha vakolatli organi rasmiy veb-saytida avtomatik tarzda nashr etiladi, shuningdek davlat organi va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlarida, ijtimoiy tarmoqlar, messendjerlarda va davriy bosma nashrlarda ham joylashtirilishi mumkin.

Davlat organi va tashkilotida davlat fuqarolik xizmatini o‘tayotgan davlat fuqarolik xizmatchilariga besh kunlik ish xaftasi va ikki kunlik dam olish kunlari belgilanadi. Agar davlat fuqarolik xizmatining xarakteri va sharoitlaridan kelib chiqib, besh kunlik ish xaftasini o‘rnatishning iloji bo‘lmasa, ichki mexnat tartibi qoidalari bilan ish xaftaning normal davomiyligi haqidagi mehnat qonunchiligida belgilangan talablarga amal qilgan holda olti kunlik ish xaftasi belgilanishi mumkin.

Davlat fuqarolik xizmatchilari mehnatiga haq to‘lash quyidagi to‘lovlarni nazarda tutadigan davlat fuqarolik xizmatchilari mehnatiga haq to‘lashning unifikatsiya qilingan tizimi asosida amalga oshiriladi:

  • bazaviy lavozim maoshi;
  • malaka darajasi uchun to‘lovlar;
  • davlat fuqarolik xizmatchisining faoliyati samaradorligi asosiy ko‘rsatkichlariga erishilishi va ish beruvchi tomonidan belgilanadigan ularning faoliyatini baholashning boshqa mezonlaridan kelib chiqib hisoblanadigan shaxsiy ustama haqlari.

“Davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnatiga haq to‘lash xizmat vazifalarini so‘zsiz va to‘liq bajarilishi, davlat organlari va tashkilotlarini barqaror va salohiyatli kadrlar bilan ta’minlash, ularning halol, tashabbuskor va samarali mehnatini rag‘batlantirish uchun yetarli moddiy sharoitlarni ta’minlashi lozim”, — deyiladi qonun loyihasida.