Izboskan tumani va Andijon viloyatining boshqa tumanlarida “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” piyoda yurish aksiyasi o‘tkazildi, deya xabar berdi tuman ma’muriyati. Ommaviy sport tadbiri to‘g‘risida “O‘zbekiston 24” telekanali ham lavha tayyorladi.

Xabarda qayd etilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatida aholi bilan uchrashuvda aholi salomatligini saqlash, ularni sog‘lom turmush tarziga rioya qilishlari uchun “Andijon na’munasi” asosida xar kuni kechki yurishni tashkil etish bo‘yicha bergantopshiriq bergan. Shu munosabat bilan Izboskan tumanida piyoda yurish aksiyasi o‘tkazildi.

“O‘zbekiston 24” telekanali reportajida qayd etilishicha, tadbirda sektorlar rahbarlari (hokim, prokuror, IIB boshlig‘i va DSI boshlig‘i), yoshlar vakillari va keksa yoshli kishilar ishtirok etgan. Jami 5 kilometrlik masofa bosib o‘tilgan.

Piyoda yurish aksiyalari Xonabod, Jalaquduq, Baliqchi, Xo‘jaobod, Qo‘rg‘ontepa tumanlarida ham o‘tkazilib, ulardan 500 nafardan ziyod yoshlar va keksalar ishtirok etgan.

“Bu kabi tadbirlarni har kuni har bir tuman va shaharda o‘tkazish belgilandi”, — deyiladi “O‘zbekiston 24” lavhasida.

11 maydan boshlab O‘zbekiston tuman va shaharlarida karantinning uchta darajasidan biri — “qizil”, “sariq” yoki “yashil” (shu vaqtdan beri barcha hududlar uchun yangilangan ma’lumotlar e’lon qilinmadi) amal qilinmoqda. Yuqoridagi tumanlardan Xonobod, Baliqchi, Xo‘jaobod, Qo‘rg‘ontepa va Izboskan tumanlari “yashil”, Jalaquduq tumani esa “sariq” hududga kiritilgan. Respublika maxsus komissiyasi tuman va shaharlarda karantin darajasiga qarab karantin choralarini belgilagan, ammo barchaga majburiy talablar qo‘yilgan. Shu jumladan, ijtimoiy masofani saqlash (2 metr), yuz niqoblaridan foydalanish, barcha turdagi ommaviy tadbirlarni o‘tkazishni taqiqlash.

Fotosurat va videolavhalarda ijtimoiy masofaning buzilgani, niqoblar tushirib qo‘yilganini (yoki ularning yo‘qligi) ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, ommaviy tadbir o‘tkazishga qo‘yilgan taqiq ham buzilgan.

Bundan tashqari, Izboskan tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi 23 may kuni yuk mashinasida Rossiyaning ikkita shahrida bo‘lib, O‘zbekistonga qaytgan, chegarani Toshkent viloyatidagi Chirchiq posti orqali kesib o‘tib, Matiz avtomobilida Qo‘yliq bozoriga yetib olib, shaxsiy Lacetti avtomobilida uyiga qaytgan fuqaroda koronavirus aniqlaganini ma’lum qilgan edi. U bilan muloqotda bo‘lgan 51 kishi karantinga joylashtirilib, ulardan COVID-19 uchun namunalar olingan.

Andijon viloyat hokimligining mazkur aksiya yuzasidan bergan rasmiy bayonotiga ko‘ra, koronavirus tumanning Jonobod MFY hududida yashovchi fuqaroda aniqlangan. Mazkur mahala tuman markazidan 4 km, aksiya o‘tkazilgan hudud (Kuygan yor MFY)dan 10 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, tashkil etilgan piyoda yurish aksiyasida ushbu hududdan hech kim ishtirok etmagan.

Sog‘liqni saqlash vazirligining 25 maydagi ma’lumotlariga ko‘ra, Andijon viloyatida 174 ta koronavirus holati aniqlangan bo‘lib, 167 bemor sog‘aygan.