«O‘zagrosug‘urta» AJ Buxorodagi tabiiy ofatdan sug‘urtalangan mol-mulkiga putur yetgan tadbirkorga sug‘urta tovonini to‘lab berdi. Bu haqda sug‘urta kompaniyasining axborot xizmati «Gazeta.uz» ga ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, qorako‘llik Zamira Nozimovaning fermer xo‘jaligi kuchli shamol oqibatida avariya holatiga kelib qoldi, biroq uning mol-mulki «O‘zagrosug‘urta» AJda sug‘urta qilinganligi tufayli tabiiy ofatdan ko‘rilgan zarar qoplanadigan bo‘ldi.


«Noxush hodisa odamlarning tomorqasini payhon qildi. Ko‘plab turar-joy binolari, imorat va inshootlarga putur yetdi. O‘z vaqtida bosilgan to‘g‘ri qadam, bugun tadbirkorning joniga oro kirmoqda», — deyiladi xabarda.

Zamira Nozimovaga tegishli bo‘lgan issiqxona binosi «O‘zagrosugurta» AJning Buxoro filiali tomonidan javobgarlikka olingan bo‘lib, u garovga qo‘yilgan mulk sifatida sug‘urtalangan edi.

Mulkka yetkazilgan zarar hajmi «Biznesni baholash va ekspert-konsalt» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan mustaqil baholangan. Da’vo ishi doirasida taqdim qilingan hujjatlardan kelib chiqib, aniqlangan sug‘urta tovoni to‘lab berildi.


Xabarga ko‘ra, Buxorodagi tabiiy ofat bo‘yicha «O‘zagrosug‘urta» AJ tomonidan viloyatning qishloq xo‘jaligi va tadbirkorlik sub’ektlari bilan sodir bo‘lgan sug‘urta hodisalari yuzasidan to‘langan to‘lov jami 2,7 milliard сўмни tashkil qiladi. Yana bir nechta sug‘urta hodisalari bo‘yicha o‘rganish ishlari davom etmoqda.

«O‘zagrosug‘urta» kompaniyasi tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga, ularning bizneslari to‘xtab qolmasligi va moliyaviy holati tezroq tiklanishi uchun aniqlangan zararlar qisqa muddatlarda qoplanishiga e’tibor qaratilmoqda.

Reklama huquqi asosida.