Propiska qilish tartibiga oid amaldagi nizom 1 sentyabrga qadar amal qiladi, deya xabar berdi Adliya vazirligi. O‘zbekiston prezidentining propiska bo‘yicha farmoniga asosan hukumatning tegishli qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Unga ko‘ra, propiska qilish tartibiga oid amaldagi nizom 2020 yil 1 sentyabrga qadar kuchga ega bo‘lib qoladi. Shu bilan birga, 1 sentyabrdan mazkur hukumat qarori bilan yangi tasdiqlangan O‘zbekiston fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risida nizom kuchga kiradi.

Mazkur yangi nizomga muvofiq, fuqaro yangi yashash joyiga kelgan kundan e’tiboran 15 kun ichida migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari (MvaFRB), Davlat xizmatlari markazlari (DXM) yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tishlari shart (hozir 10 kun muddatda).

Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ro‘yxatning 1, 6 va 7-bandlariga mansub fuqarolar doimiy ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Bular, qonun hujjatlariga muvofiq olingan uy-joyga ega bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari, Toshkent shahrida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan fuqarolar va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan fuqarolarдир.

Doimiy ro‘yxatga olish uchun ariza beruvchi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga murojaat qiladi va belgilangan hujjatlarni taqdim etadi. Fuqaro haqidagi ma’lumotlar avtomatik tarzda tegishli ma’lumotlar bazalaridan tekshiriladi.

Tartibga ko‘ra, murojaat qilingan kunning o‘zida fuqaroning pasportiga avvalgi doimiy ro‘yxati bekor qilinganligi to‘g‘risida shtamp bosiladi va fuqaroning xohishiga ko‘ra doimiy ro‘yxatga olinganligi haqida QR-CODE bilan himoyalangan qayd varag‘i taqdim etiladi. Endilikda, ro‘yxatga olishni rasmiylashtirish uchun 1 kun talab etiladi (hozirda 3 kun).

Eslatib o‘tamiz, 22 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev “propiska to‘g‘risida"gi qonunni imzolagan edi. Mazkur farmon bilan doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish bo‘yicha qator yangi tartibotlar belgilangan edi.