Isroilda bosh vazir Benyamin Netanyaxu ustidan sud jarayoni boshlandi. U firibgarlik, pora olish va ishonchni suiiste’mol qilishda ayblanmoqda, deya xabar berdi Meduza.

Sudning birinchi majlisi texnik xarakter kasb etadi. Unda Netanyaxu prokuratura xulosasi bilan tanishib, ayblov mazmun-mohiyati unga tushunarli bo‘lgan-bo‘lmaganiga javob beradi.

Prokuratura uch yil davomida ayblov xulosasini tayyorladi; uch yuzdan ziyod guvohlarning sudda ayblovchi tomonida bo‘lishlari kutilmoqda. Jarayonning bir necha oydan bir necha yilgacha davom etishi kutilmoqda.

Benyamin Netanyaxu 2009 yildan beri Isroilning bosh vaziri hisoblanadi. Shuningdek, u ushbu lavozimni 1996−1999 yillarda ham egallagan. O‘tgan yilning sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida uning “Likud” partiyasi ikkinchi o‘rinni egalladi.