Favqulodda vaziyatlar vazirligi, “Agrokimyohimoya” AJ, O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tekshirish institutining “Chigirtkalarni o‘rganish laboratoriyasi” hamkorligida hududlarda zararli chigirtkalarga qarshi kurashish tadbirlari davom ettirilmoqda, deya xabar qildi FVV matbuot xizmati.


Tadbirlarda zararli chigirtkalar tarqalgan maydonlarni aniqlash, kimyoviy ishlovdan o‘tkazish talab etiladigan maydonlarni belgilash hamda zarur bo‘ladigan kimyoviy preparatlar, texnikalar va yordamchi vositalar bilan maxsus ishlov berish ishlarini amalga oshirilmoqda.

Ushbu tadbirlarga 640 yaqin mutaxasislar 148 ta traktor, 325 ta qo‘lpurkagich 8 ta motodel’taplan 26 ta maxsus mashina jalb qilindi.

Avvalroq FVV ushbu hasharotlarga qarshi kurash ishlari Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida o‘tkazilayotgani haqida xabar bergan edi. Mavsum davomida 600 ming gektardan ortiq ekin maydonlariga kimyoviy moddalar bilan ishlov berish rejalashtirilgan. Chigirtka tarqalishiga qarshi qaratilgan tadbirlari iyun oyining boshiga qadar davom etadi.

Reuters agentligining Jahon banki ma’lumotlariga tayani xabar qilishicha, ayni paytda Sharqiy Afrika, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyodagi 23 ta davlatda chigirtkalar bosqichi oxirgi 70 yil ichida eng yuqori nuqtasiga yetgan. Ushbu tabiiy ofat Sharqiy Afrikada 23 mln kishining oziq-ovqat yetishmovchiligiga duchor etishi mumkin.