Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevga nisbatan bosim o‘tkazilgani haqidagi xabarlar yuzasidan deputatning bevosita ishtirokida o‘rganish o‘tkazib, natijada deputatga prokuratura organlari tomonidan biron bosim yoki tazyiq o‘tkazilgani aniqlanmadi, deya bayonot berdi Bosh prokuraturaning matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati R.Kusherbayevga siyosiy faolligi tufayli bosim o‘tkazilganligi haqida ommaviy axborot vositalarida keng tarqalgan va qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan xabarlar yuzasidan Bosh prokuraturada deputatning bevosita ishtirokida o‘rganish o‘tkazildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, deputat R.Kusherbayevga prokuratura organlari tomonidan biron bosim yoki tazyiq o‘tkazilganligini tasdiqlovchi ob’ektiv dalillar aniqlanmadi.

Aholi orasida obro‘ qozongan jamoatchilik vakiliga nisbatan uydirma

Ma’lum qilinishicha, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan Yangiyo‘l tumanidagi “Qo‘sh-yog‘och oltin fayz baliqlari” MCHJga ajratilgan baliqchilik havzasidan qum shag‘al aralashmasini noqonuniy olib chiqib ketish holati yuzasidan o‘tkazilgan tekshirish hujjatlari chora ko‘rish uchun prokuratura organlariga taqdim etilgan, deyiladi xabarda.

Mazkur hujjatlar asosida 24 yanvar kuni JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Yangiyo‘l tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov o‘tkazilgan.

Ma’lum qilinishicha, tergov davomida ushbu jamiyat rahbari J.Z. akasi B.Q. bilan jinoiy til biriktirib, baliqchilik faoliyatini tashkil etish uchun ajratilgan 11,8 gektar yer maydonidan 600 mln. so‘mlik 57,2 ming kub.metr qum — shag‘al aralashmasini qazib olib, tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasada, qonunga zid ravishda sotib yuborib, talon-toroj qilganligi, bu orqali davlatga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazganligi aniqlangan.

Shu sababli J.Z.ga JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblov e’lon qilinib, ishning unga nisbatan qismi 4 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tuman sudiga yuborilgan. Ayblanuvchi B.Q.ga esa, tergovdan yashiringanligi sababli qidiruv e’lon qilingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda, shu jumladan qidiruvda bo‘lgan B.Q. tomonidan Internet tarmog‘ida e’lon qilingan videomurojaatda ushbu jinoyat ishi tergovi davomida go‘yoki “Qo‘sh-yog‘och oltin fayz baliqlari” MCHJ deputat R.Kusherbayevga tegishli ekanligi haqida ko‘rsatmalar olishga urinish bo‘lganligi haqida uydirmadan iborat xabarlar tarqatilgan.

Jinoyat ishi Bosh prokuraturada o‘rganilganda, ish bo‘yicha deputat R.Kusherbayevga oid biron-bir masala muhokama qilinmaganligi, unga aloqador ma’lumot to‘planmaganligi yoki u bilan bog‘liq tergov harakatlari o‘tkazilmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Bosh prokuratura xodimlari tomonidan J.Z. bilan xolis o‘tkazilgan suhbat davomida, u tergovda undan R.Kusherbayev haqida hech qanday ma’lumot so‘rab-surishtirilmaganligini, u haqida savol berilmaganligini, unga qarshi ko‘rsatma berish talabi bilan tazyiq o‘tkazilmaganligini bildirdi.

Bosh prokuratura ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan bu uydirmalarni aholi orasida obro‘ qozongan jamoatchilik vakillari nomidan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanib, tergov natijasiga ta’sir o‘tkazishga hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishonchsizlik uyg‘otishga qaratilgan urinish deb baholaydi.

Shuningdek, R.Kusherbayevning Bosh prokuraturada o‘tkazilgan suhbatda o‘ziga nisbatan bosim sifatida baholagan boshqa vajlari ham o‘zining ishtirokida to‘liq tekshirilib, unga, shu jumladan, faoliyati bilan bog‘liq ravishda ta’sir ko‘rsatish yoki bosim o‘tkazish holatlari aniqlanmadi.

Mazkur vajlar R.Kusherbayevning shaxsi va ishchanlik obro‘siga aloqadorligi tufayli tafsilotlari ochiqlanmasligi ma’lum qilinadi.

Deputat R.Kusherbayev Bosh prokuraturada o‘tkazilgan o‘rganish natijalari bilan tanishtirildi. Shu bilan birga, kelgusida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan uning siyosiy faoliyati bilan bog‘liq har qanday tazyiq yoki bosim o‘tkazilishining oldini olishga qaratilgan aniq choralar belgilandi.

“Zero, R.Kusherbayev jonkuyar va tashabbuskor deputat sifatida faoliyat olib bormoqda. U bilan prokuratura organlari o‘rtasida doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan”, — deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.

Rasul Kusherbayevning ta’kidlashicha, mazkur ish jarayoni davomida u O‘zbekistonda deputatlik daxlsizligi, sha’ni va ishchanlik obro‘sini muhofaza qilish masalasisha mas’uliyat bilan yondashilayotganligini kuzatib bordi.

“Eng muhimi, deputatlarning davlatimiz rahbari boshchiligida olib borilayotgan islohotlar jarayonida xalq vakili sifatida o‘z vazifasiga ongli ravishda vijdonan yondashib, saylovchilar manfaati yo‘lida intilishi xolis faoliyat bo‘lib, bu borada unga hech qanday ta’sir ko‘rsatilishi mumkin emas. Bunday ta’sirlar keskin qoralanadi. Bosh prokuratura va mazkur tizim bu borada deputatlarni doimo qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirmoqda”, — dedi deputat.