O‘zbekiston prezidenti topshirig‘i bilan 2021 yil yakuniga qadar Andijon viloyatining barcha shahar va tumanlarida jami 16 ta IT-markaz ochilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ma’lum qildi.

Mazkur markazlarning 6 tasi joriy yil oxiriga qadar foydalanishga topshirilishi lozim. Ularda yoshlarni o‘qitish va axborot texnologiyalari yo‘nalishida har yili 5 mingdan ziyod o‘qituvchilar malakasi oshiriladi.

Shu bilan birga, 2020 yil yakuniga qadar viloyatdagi 764 ta o‘rta umumta’lim maktabidagi 19,2 ming nafar 7−11 sinf o‘quvchilarini “Bir million o‘zbek dasturchilari” (“One Million Uzbek Coders”) loyihasi doirasida o‘qitish, o‘qishni muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchilarni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga onlayn tizim (sirtqi) o‘qishga qabul qilish belgilangan.

Shuningdek, o‘quvchilarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida Andijon viloyatida yaqinda tashkil etilgan “Digital city” texnopark rezidentlari bilan turli xil amaliy mashg‘ulotlar, laboratoriya darslari o‘tkaziladi, qo‘shma loyihalar, frilans hamda startap loyihalarini amalga oshiriladi.

Ushbu tadbirlarni amalga oshirish natijasida 2022 yil yakuniga qadar Andijon viloyati bo‘yicha AKTga istisoslashgan 4 mingdan ziyod malakali mutaxassislar va yangi ish joylari yaratiladi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga safari chog‘ida viloyat markazida Digital City nomli texnopark bilan tanishgan edi. Shuningdek, davlat rahbarining ishtirokidagi yig‘ilishda ta’lim sifatini yaxshilash va kelajakda o‘quvchilarning bandligini ta’minlash maqsadida o‘quvchilarni 7-sinfdan qiziqqan kasbiga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgandi.