«O‘rikzor» savdo majmuasida koronavirus infetsiyasi aniqlandi, bozor vaqtinchalik yopildi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan xududlar, jumladan, Toshkent shahri aholisi o‘rtasida koronavirus infeksiyasini erta aniqlash hamda tarqalishining oldini olish maqsadida poytaxtimizdagi barcha dehqon bozorlari va yirik savdo majmualari ishchi-xodimlari, sotuvchilari hamda yuk tashuvchilaridan profilaktika maqsadida koronavirus infeksiyasiga laborator tahlillar uchun surtma namunalari olish ishlari tashkil etildi.

«Bugungi kunga qadar dehqon bozorlari va yirik savdo majmualarida ishlovchi 6251 nafar fuqaro profilaktik maqsadda koronavirus infeksiyasiga tekshirildi, — deydi Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi Malika Qudratxo‘jayeva. — Shu jumladan, kuni kecha „O‘rikzor“ savdo majmuasi MCHJda jami 789 nafar fuqarodan surtmalar olingan. Tahlil natijalariga ko‘ra, mazkur savdo majmuasidagi oziq-ovqat do‘konida sotuvchi bo‘lib ishlovchi fuqaroda koronavirus infeksiyasi tasdiqlandi. Ayni paytda ushbu bemor bilan muloqotda bo‘lgan barcha fuqarolar o‘rnatilgan tartibda qat’iy karantin kuzatuviga olindi».

️Shunga ko‘ra, «O‘rikzor» savdo majmuasida epidemiologik surishtiruv ishlarini o‘tkazish hamda kasallik tarqalishining oldini olish, bozorda epidemiyaga qarshi va profilaktik tadbirlarni tashkil qilish hamda ta’mirlash, sanitar tozalash va zararsizlantirish ishlarini o‘tkazish maqsadida tuman hokimligi bilan kelishilgan holda, bozor ma’muriyati tomonidan savdo majmuasi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Bozorda epidemiologik surishtiruv ishlari yakunlanib, sanitar tozalash va zararsizlantirish tadbirlari amalga oshirilgach, majmua yana o‘z faoliyatini davom ettiradi.

«Ayni kunlarda aholi orasida hamon koronavirus infeksiyasiga chalinganlar aniqlanmoqda. Ushbu holatlardan ayon bo‘layaptiki, yon atrofimizda koronavirusga chalinganlar yo‘qligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Bu esa har qanday vaziyatda ham koronavirus yuqtirib olishning ehtimoliy xavfidan xushyor bo‘lishimizni, ehtiyot choralarini doimiy ko‘rishimizni talab etadi», — deyiladi xabarda.