Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Ramazon hayiti bilan tabrikladi.

“Ramazoni sharif ezgulik, xayru saxovat va mehr-oqibat oyi sifatida el-yurtimizning ijtimoiy-ma'naviy hayotida azal-azaldan alohida o‘rin egallab keladi. Ushbu qutlug‘ oyda sabru qanoat, shukronalik, ruhiy poklanish, mehr va ko‘makka muhtojlarga yanada e’tiborli bo‘lish, savobli amallar qilishdek olijanob fazilatlar bu yil yurtimizda har qachongidan ham yaqqol namoyon bo‘ldi, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz”, — dedi davlat rahbari.

“Mard va matonatli xalqimiz koronavirus pandemiyasi, boshimizga tushgan turli sinovlar va tabiiy ofatlar sharoitida „Olloh sabr-toqatli insonlar bilan birgadir“, degan ilohiy o‘gitga amal qilib, tushkunlikka berilmasdan, yanada ahil va birdam bo‘lib, insonparvarlik, hamjihatlikning yuksak numunasini ko‘rsatganini jahon hamjamiyati e’tirof etmoqda”, — dedi prezident.

U karantin tufayli Ramazon amallari va ibodatlarini ado etishda yuzaga kelgan ma’lum qiyinchiliklarni to‘g‘ri tushunib, bu masalaga oqilona yondashgan, ayni vaqtda “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatida faol ishtirok etayotgan tadbirkorlar va fermerlarga, turli kasb egalari bo‘lgan keksayu yosh barcha vatandoshlarga shu ulug‘ ayyom kunlarida minnatdorchilik bildirdi.

“Hozirgi kunda butun dunyo ahli kabi biz ham koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq mushkul vaziyatni boshimizdan o‘tkazmoqdamiz. Shu o‘rinda bir haqiqatni eslatib o‘tishni zarur, deb bilaman. Karami keng Alloh taolo muqaddas Qur’oni karimda insonlarni mas’uliyatli sinov kunlarida sabr va qanoatli bo‘lishga da’vat etib, „Albatta, qiyinchilik bilan birga yengillik ham bordir“, deb marhamat qiladi”, — deya davom ettirdi davlat rahbari.

“Chindan ham, har qaday tashvish ortida yengillik va yorug‘lik borligini koronavirus kasalligidan sog‘ayib chiqayotgan, tabiiy ofatlar tufayli uy-joyidan ayrilgan, lekin davlatimiz va el-yurtimzning katta yordami va ko‘magi bilan o‘z hayotini yangitdan yo‘lga qo‘yib olayotgan minglab vatandoshlarimiz qalbdan his etmoqdalar”, — dedi u.

“Bugungi qiyinchiliklar albatta o‘tib ketadi, hali qancha xursandchilik kunlar, bayram va hayitlarni barchamiz birgalikda nishonlaymiz, deb ishonaman. Shubhasiz, har qanday mashaqqatni mehnat va matonat, sabru chidam bilan mardona yengib o‘tgan olijanob xalqimiz bu sinovlardan yanada kuchli va qudratli bo‘lib chiqadi. Ana shunday qat’iy ishonch va ko‘tarinki kayfiyat bilan bugungi kunda yurtimizni taraqqiy ettirish yo‘lida davrning o‘zi talab etayotgan, biz boshlagan keng ko‘lamli islohot va o‘zgarishlarni bir yoqadan bosh chiqarib, izchil amalga oshirib, oldimizga qo‘ygan ulkan marralarga albatta erishamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.