“Beeline Uzbekistan” mobil operatori abonentlarga “G‘olib bo‘l va yutib ol!” aksiyasi bo‘yicha noto‘g‘ri xabar yuborilgan, deya xabar berdi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi. Vaziyat yuzasidan “soxta reklama orqali iste’molchilarga noto‘g‘ri ma’lumot” tarqatganligi uchun ViaMobi MCHJga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan.

Qayd etilishicha, aksiya ishtirokchilarining telefon raqamlariga “Sizning telefon raqamingiz 100 000 000 so‘mlik super yutuqning sohibi sifatida tanlandi! Xizmatga obuna bo‘lish narxi kuniga 1999 so‘m”, degan mazmunda SMS-xabar yuborilgan.

Agentlik so‘roviga javoban “ViaMobi” MCHJ mazkur aksiyada ishtirok etishga e’tiborni jalb qilish uchun tanlangan abonentlar guruhiga SMS-xabar yuborilganligi hamda матнни moslashtirish (tarjima qilish) jarayonida xato tufayli xabar ma’nosi o‘zgarib ketganini ma’lum qilgan.

Aslida abonentlarga quyidagi matndagi xabar jo‘natilishi kerak bo‘lgan: “Siz g‘olib bo‘lishingiz mumkin” (Hisobni to’ldirganingiz uchun Sizga 500 ball taqdim etildi. Sizning ****** raqamingiz 100 000 000 so’mlik super yutuqning ehtimoliy sohibi sifatida tanlandi! SMS orqali 3 sonini 6767 ga yuboring! Xizmatga obuna bo’lish narxi 1999 so’m/kun. Ma’lumot: http://win.beeline.uz).

Reklama aksiyasida 749 ming iste’molchi qatnashib, mart oyi holatiga umumiy daromad miqdori 1 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Shu munosabat bilan ViaMobi MCHJ tomonidan taqdim etilgan reklama beruvchiga nisbatan “Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” va “Reklama to‘g‘risida"gi qonunlarni buzganlik uchun ish qo‘zg‘atilgan.

“Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, noto‘g‘ri reklama oqibatida sotib olingan tovar (ish, xizmat) tufayli iste’molchiga yetkazilgan zarar ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi lozim.