O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev endilikda har bir sektorda “Kambag‘allikni qisqartirish shtabi” tashkil etilishi haqida ma’lum qildi. Bu haqda davlat rahbari Andijon viloyatidagi yig‘ilish davomida ta’kidlab o‘tdi.

Yig‘ilishda iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, ish o‘rinlari tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Andijon viloyatida 40 mingdan ziyod muhtoj oilalar borligi ma’lum qilindi. Shu bois, viloyatda sanoat loyihalari, qishloq xo‘jaligi va tomorqachilik, oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik, o‘zini o‘zi band qilish hisobiga mazkur ehtiyojmand oilalarga daromad manbai yaratish zarurligi ta’kidlandi.

“Bosh vazir o‘rinbosarlari, hokimlar va sektor rahbarlari har bir kambag‘al oila muammolarini aniq bilishi, ular bilan manzilli ishlashi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yangi tashkil etiladigan kambag‘allikni qisqartirish shtablariga iqtisodiyot, moliya, mehnat, investitsiya, soliq idoralari va bank vakillari biriktirilishi va ularning ish haqi miqdori erishilgan natijalarga bog‘liq bo‘lishi haqida ma’lum qilindi. Shuningdek, endilikda soliq idoralari tekshiruvchi emas, soliqchiga ko‘makchi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

“Statistlar bergan raqamlar bilan shu paytgacha to‘g‘ri yo‘nalish qilib bo‘lmadi, xalqimiz manfaat ko‘rmadi. Takliflar tumanlardan, odamlarning o‘zidan chiqishi kerak. Vazirlar, rahbarlar kabinetda emas, hududlarda, uzoq qishloqlarda ishlashi zarur. Shunday og‘ir sharoitda fidoyi bo‘lmagan rahbar — xiyonatchi. Shu xalq uchun oylik olib yuribsizlar. Davlat idorasi vakili xalqqa qancha yaqin bo‘lsa, joylarda shuncha natija bo‘ladi, adolat mezoni ta’minlanadi”, — deya ta’kidladi Prezident.

Eslatib o‘tamiz, 21 may kuni Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, odamlar hayoti bilan tanishish maqsadida Andijonga tashrif buyurgan edi.