“Har bir oila — tadbirkor” dasturiga 100 mln dollar ekvivalentida qo‘shimcha mablag‘lar ajratiladi, deya xabar berdi Adliya vazirligi. 20 may kuni “Har bir oila — tadbirkor dasturini moliyalashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida amalga oshiriladigan loyihalarni moliyaviy resurslar bilan ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini oshirish maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan qo‘shimcha ravishda 100 mln dollar ekvivalentidagi mablag‘lar quyidagi vakolatli banklarga ajratiladi:

  • “Agrobank” ATBga — 40 mln dollar ekvivalentida;
  • Xalq bankiga — 30 mln dollar ekvivalentida;
  • “Mikrokreditbank” ATBga — 30 mln dollar ekvivalentida.

Ma’lumot uchun, 2018 yil 7 iyun kuni har bir oilaning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi va barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan “Har bir oila — tadbirkor” dasturi qabul qilingandi.

Unga ko‘ra, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan aholining tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga imtiyozli kreditlar ajratish hamda tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirishning har bir bosqichida mutasaddi idoralar tomonidan tizimli amaliy yordam ko‘rsatilishi ta’minlanadi.

Prezidentning 2019 yil 24 oktyabrdagi qarorida 2020 yilda “Har bir oila — tadbirkor” dasturini amalga oshirilishi uchun 2,418 trln so‘m (tahminan 239,4 mln dollar) miqdoridagi mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan edi. Unda, “Agrobank” ATBga va AT Xalq bankiga 967,2 mlrd so‘mdan va “Mikrokreditbank” ATBga 483,6 mlrd so‘m ajratilgandi.