O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risidagi fatvoni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, 2020 yilgi Ramazon hayiti (Iydul fitr) namozini pandemiya davrida jamoat bo‘lib o‘qish imkoniyati mavjud emasligi mo‘min-musulmonlarning zimmasidan ushbu ibodatni soqit qiladi.

Shuningdek, Ramazon hayiti kunlari epidemik holat mavjudligi va odamlarning hayotiga xavf saqlanib qolishi sababli juma va boshqa namozlar kabi Iyd namozini ham jamoat bo‘lib o‘qishning iloji bo‘lmaydi.

«Shariat insonga zarar yetish ehtimoli kuchaygan paytda ibodatlarni yengil tarzda bajarishga ruxsat beradi yoki butunlay zimmadan soqit qiladi. Iyd namozi vojib amal bo‘lgani bois bugungiday uzrli holatlarda hayit namozi ado etish soqit bo‘ladi», — deyiladi bayonotda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi hayit kuni quyosh terak bo‘yi ko‘tarilgandan keyin o‘z xonadonlarida to‘rt rakatli nafl namozi o‘qishni tavsiya qildi.

Esalatib o‘tamiz, O‘zbekistonda Ramazon hayiti bayrami 24 may kuni nishonlanishi e’lon qilindi. Bunda koronavirus pandemiyasi tufayli uyda, oilada o‘zaro tushunish va hamjihatlik muhitida munosib ravishda o‘tkazishga e’tibor qaratiladi.