Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi tegishli ruxsatsiz dron orqali tasvirga olmoqchi bo‘lgan A.A.ni bir yil sinov muddati bilan shartli ravishda uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Bu hamda Oliy sudning rasmiy saytida xabar beriladi.

Fuqaro 29 yanvar kuni soat 13−00 larda “Dji Phanton 4 Pro” nomli uchuvchisiz uchadigan (Dron) apparatidan qonunga xilof ravishda foydalanib, “Registon” sayilgohi hududida suratga olish ishlarini amalga oshirmoqchi bo‘lgan vaqtida Andijon viloyat IIB xodimlari tomonidan ushlangan.

Sud hukmida ta’kidlanishicha, fuqaro A.A. sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirib, 2016 yil yoz oylarida uchuvchisiz uchadigan apparatni sotib olganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 28 yanvar kuni notanish raqamdan qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini Hayotbek deb tanishtirgan shaxs qo‘shiq uchun klip suratga olmoqchi ekanini, unda dron borligini eshitganini aytadi va bir nechta sahnalarni tasvirga olib berishni so‘raydi. Videooperator “Registon” sayilgohida tasvirga olish uchun ruxsatnoma kerakligini ta’kidlagan va Hayotbek degan shaxs ruxsatnoma olib berishini aytgan.

29 yanvar kuni sudlanuvchi o‘zining yordamchisi bilan tasvirga olish apparatlarini olib sayilgoh kelgan. Shunda Hayotbek kelishilgan pullardan 50 AQSH dollarini bergan va o‘sha yerdagi minorani tepasidan sayilgohni tasvirga olib berishini so‘ragan. Sudlanuvchi tasvirga olish ishlarini boshlamoqchi bo‘lib turgan vaqtlarida ular IIB xodimi tomonidan ushlangan.

4 may kuni ochiq sud majlisida sud fuqaro A.A.ni Jinoyat kodeksining 244−4-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni (uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish) sodir etganlikda aybli deb topib, bir yil sinov muddati bilan uch yilga shartli ravishdan ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Sudlanuvchi sinov muddati davomida sud unga yuklagan majburiyatlarni bajarmasa yoxud jamoat tartibi va mehnat intizomini buzganligi uchun unga ma’muriy yoki intizomiy ta’sir chorasi qo‘llanilgan bo‘lsa, sud uning xulqi ustidan nazorat olib boruvchi organ taqdimnomasiga asosan jazoning shartliligini bekor qilib, hukmda tayinlangan jazoni ijro etish to‘g‘risida ajrim chiqarishi mumkinligi tushuntirildi.

9,5 mln so‘mlik “Dji Phanton 4 Pro” nomli uchuvchisiz uchadigan (Dron) apparati, maxsus ruxsatnomaga ega bo‘lgan tashkilotga sotish orqali davlat foydasiga o‘tkazildi

“Yil jinoyati”

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiya a’zosi Rasul Kusherbayev sudlanuvchining jinoyatini istehzo bilan “Yil jinoyati” deb ta’rifladi. Uning fikricha, O‘zbekiston qonunchiligida “arzimagan harakatlar” uchun ham jinoiy javobgarlikka tortish holatlari haliyam bor.

“To‘g‘risi Andijon shahridagi “Registon” saylgohida drondan ruxsatnomasiz foydalanib, klip olmoqchi bo‘lgan operatorning salkam “yil jinoyatchisi"ga aylanib qolgani haqida o‘qib na kulishni na yig‘lashni bilmaysan. Sababi har qanday harakatning huquqiy oqibatiga qarab javobgarlik belgilanishi kerak”, — deya ta’kidladi deputat.

Rasul Kusherbayev tan olishicha, u shu kunga qadar drondan foydalanishning jamiyat va davlat uchun qanday og‘ir oqibat olib kelishi mumkinligini tushunmagan.

“Ruxsat olsa xavfsiz, ruxsat olmasa xavfli. Xuddiki avtomobillar “tonirovka"si kabi: pulini to‘lasang xavfsiz haydovchisan, to‘lamasang xavfli haydovchi”, — dedi u.

Toshkentdagi Yangi yilga uyushtirilgan dronlar shousi. Foto: Shuxrat Latipov / “Gazeta.uz”.

Deputat bunda tengsizlik tugab, tenglik bo‘lishining mohiyati shundaki, yangi yil kechasida Toshkentda odamlar ustida uchgan “dronlar shousi” davlat va jamiyat uchun hech qanday xavf tug‘dirmaganini eslab o‘tdi.

“Klip olish uchun drondan foydalanishning oqibati ham o‘sha „dronlar shousi“ kabi baxolanishi kerak. Chunki mohiyatan bitta holatga ikkita ko‘z bilan qo‘shstandart uslubida qarash adolatsizlik, deb tushuniladi”, — deya o‘rg‘u berib o‘tdi Rasul Kusherbayev.

Parlament a’zosi bu kabi jazolarni jinoyat qonunchiligidan butunlay chiqarish va ma’muriy tartibdagi javobgarlikka o‘tkazish kerak, deb hisoblaydi.

“Bu gapim mantiqsiz „tonirovka“ chekloviga tegishlimas, uni butunlay bekor qilish kerak”, — dedi u.

Rasul Kusherbayev tan olishicha, dron masalasida javobgarlikni jinoyat darajasida belgilashda deputatlarning hissasi katta, chunki istab-istamay bunga qachonlardir deputatlar ovoz bergan. “Biroq o‘sha vaqtning talabi va zarurati nima bilan bog‘liq bo‘lganini hozir bilmayman. Bugun esa bu — bugun”, — ta’kidladi deputat.