Koronavirus pandemiyasi davrida Buxoro viloyatidagi inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasiga ajratilgan pul mablag‘larining maqsadli sarflanishi o‘rganildi, deya xabar qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

O‘rganishlar jarayonida juda ko‘p miqdordagi byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish holati aniqlangan.

Xususan, Buxoro viloyat sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi markaz bosh vrachi B.B. va vrach-dezinfeksionisti A.H. A.H.ning o‘zi ta’sischi bo‘lgan «V-S» MCHJ orqali 395,4 mln so‘mlik 14,9 tonna gipoxlorid kalsiy dezinfeksiya vositasini 600 mln so‘mga, ya’ni 204,6 mln so‘mga qimmat narxda xarid qilgan. Vaholanki pandemeya sharoitida dezinfeksiya vositalarini xarid qilishda mahsulotlarni maqbul narxlarda yetkazib beruvchi korxonalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish imkoniyati berilgan bo‘lgan.

Tekshiruv davomida bosh vrach B.B. tomonidan 202,5 mln so‘m zarar qoplangan.

Mazkur holat yuzasidan B.B. va A.H.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.