19 may kuni taxminan 13:30 da Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidan o‘tgan 4R-76 avtoyo‘lining 8-kilometrida 31 yoshli haydovchi M. J. Nexia avtomobilida qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, 39 yoshli N. T. boshqaruvidagi Lacetti bilan to‘qnashgan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti matbuot xizmati xabar berdi.

Oqibatda Nexia avtomashinasining yo‘lovchisi 19 yoshli Z.N. hodisa joyida, haydovchi M.J. esa tibbiyot birlashmasida vafot etgan. Bundan tashqari, har ikki avtomashinadagi 6 nafar yo‘lovchidan 5 nafari og‘ir tan jarohati, bir nafari esa yengil tan jarohati olgan, ularning barchasiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Qorako‘l tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

IIV YHXBBning aniqlik kiritishicha, bir yillik haydovchilik tajribasiga ega Nexia haydovchisi yil davomida 12 marta yo‘l harakati qoidalarini buzgan va ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Avariya joyiga tezlikni o‘lchash uchun radar o‘rnatildi.

Avvalroq O‘zbekistonda karantin choralari kuchaytirilib, avtomobillar harakatiga cheklovlar joriy etilganiga qaramasdan, aprel oyida 336 ta YTH sodir bo‘lib, ular oqibatida 76 nafar kishi vafot etgani xabar qilingan edi.