Turkmanistonda jazo o‘tagan 61 nafar O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Mahkumlar amnistiya e’lon qilinganidan so‘ng ozodlikka chiqarildi, deya xabar berdi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Ozod etilganlarning 59 nafari erkak va 2 nafari ayollar bo‘lib, 1 nafardan Toshkent shahri va Navoiy viloyatidan, 2 nafari Buxoro, 3 nafari Toshkent, 5 nafari Qashqadaryo, 25 nafari Xorazm viloyati va 24 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida yashovchi fuqarolardir.

Ular karantin tartib-qoidalariga to‘liq rioya etilgan holda Buxoro viloyati Olot tumanidagi Bojxona chegara posti orqali Respublika hududiga kiritilib, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan 14 kunlik maxsus karantin saqlash joyiga joylashtirildi.

Ular orasidan O‘zbekiston hududida qidiruvda bo‘lgan 5 nafar shaxsning 3 nafari Xorazm viloyati va 2 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida yashovchi fuqarolar. 2 kishi maxsus konvoy avtomashinasi orqali yashash joyi — Qoraqalpog‘iston Respublikasiga jo‘natildi.