O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijon shahrida barpo etilgan ko‘p-qavatli uylarni ko‘zdan kechirib, ularning yashovchilari bilan suhbatlashdi, deya prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, davlat rahbarining Andijonga bo‘lgan tashrifi davomida, uning 2018 yildagi topshirig‘i bilan qurilgan yangi uy-joylarni ko‘zdan kechirdi. Topshiriqqa asosan Andijon shahrida yigirmata 7 qavatli, ikkita 16 qavatli uy barpo etildi.

Prezident ushbu mavzeni borib ko‘rdi. Xonadonlardan birida bo‘lib, oila bilan suhbatlashdi.


Ma’lum qilinishicha, mazkur uylar jahon standartlari asosida yaxlit temirbetondan zilzilaga bardoshli qilib qurilgan. Binoning tashqi devorlari energotejamkor bazalt materiali bilan qoplangan. Ularda Internet tarmog‘i, videokuzatuv uskunalari o‘rnatilgan. Jihozlash ishlari mart oyida yakunlanib, aholiga tayyor holda topshirildi.

Shuningdek, uylar hovlisida dam olish va sport maydonchalari, bolalar o‘yingohlari, avtoturargoh barpo etilgan.


Qayd etilishicha, Andijon aholi zichligi eng yuqori hududlardan biri. Bu yangi barpo etilgan uylarda shuncha maydondagi boshqa loyihalarga nisbatan 2 barobar ko‘p xonadonlar joylashgani mahalliy sharoit uchun juda muhim. Shu bois xonadonlarning narxi ham xamyonbop, deyiladi xabarda.

«Kambag‘allikdan chiqishning eng asosiy zamini — uy-joy. Odamlarning boshpanasi bo‘lsa, o‘zi harakat qilib, ro‘zg‘orini oyoqqa qo‘yib oladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bilan birga, aholini turar joylar bilan ta’minlashni izchil davom ettirish zarurligi ta’kidlandi. Tumanlardagi aholi zich joylarga ham kommunikatsiya olib borib, barcha sharoitlarga ega ko‘p qavatli uylar qurish, zamonaviy qishloqlar bunyod etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.