Regulation.gov.uz portaliga O‘zbekiston prezidentining «O‘zbekiston milliy saylov tizimini yanada demokratlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi farmoni loyihasi jamoat muhokamasiga qo‘yildi. Loyihaga ko‘ra, saylov qonunchiligiga qator jiddiy o‘zgartirishlarni kiritish taklif etilmoqda.

Xususan, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga saylash huquqini berish rejalashtirilmoqda. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ushbu shaxslar saylash huquqiga ega emas. Yangi o‘zgarishlarda sud tomonidan individual tartibda saylash huquqi cheklangan hollar bundan mustasno bo‘ladi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda muddatli saylovlarni o‘tkazish sanasini dekabr oyidan mart oyiga ko‘chirilish mumkin.

Farmonda bir nomzod faqat bitta vakillik organiga deputat etib saylanishi mumkinligi to‘g‘risidagi qoidani o‘rnatish ham ko‘zda tutilgan. Shuningdek, bo‘shagan deputatlik o‘rinlariga saylov o‘tkazish uchun aniq muddatlar belgilanadi.

Saylovchilardan yarmidan ko‘pining ovozini olgan nomzodning saylangan deb hisoblanishi (mutlaq ko‘pchilik) to‘g‘risidagi qoida o‘rniga, saylovchilarning eng ko‘p ovozini olgan nomzodning saylangan deb topilishi (nisbiy ko‘pchilik) haqidagi qoidani parlament va mahallliy kengashlarga saylovlarda joriy etish masalasini o‘rganish belgilanmoqda.

Saylov jarayonini tashkillashtirish

Parlamentda o‘z fraksiyasiga ega bo‘lgan siyosiy partiyalar uchun (kamida 9 ta deputatlik o‘rni) saylovlarda ishtirok etish uchun saylovchilarning qo‘llab-quvvatlovchi imzolarini (parlament saylovida 40 mingta, prezidentlik saylovida saylovchilarning 1% miqdorida) to‘plashi shart emasligi to‘g‘risidagi qoida o‘rnatilishi kutilmoqda.

Parlament saylovlarida majoritar tizimdan aralash (majoritar proporsional) tizimga o‘tish masalasi o‘rganib chiqiladi.

Hozirgi tartib bilan belgilangan saylovoldi tashviqoti davrida ayrim cheklovlarni olib tashlash ham rejalashtirilgan. Jumladan, saylov komissiyalarining deputatlikka nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga ko‘maklashish, uchrashuv joyi va vaqti haqida saylovchilarni oldindan xabardor qilishga oid vazifalari bekor qilinadi. Siyosiy partiyalar va nomzodlar tomonidan saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun ruxsat berish tartibi bekor qilinib, mahalliy hokimlik idoralarini oldindan xabardor qilish tartibi o‘rnatiladi.

Ommaviy axborot vositalaridan foydalanish tartibi, hajmi va vaqtini siyosiy partiyalar bilan kelishish tartibi ham bekor qilinishi rejalashtirilgan. OAV sifatida ro‘yxatga olingan (akkreditatsiya qilingan) OAV vakillarini saylov komissiyalari tomonidan qayta akkreditatsiya qilish tartibi tugatiladi (Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilinmagan xorijiy OAV vakillari bundan mustasno).

Saylov byulletenining matni soddalashtiriladi. Xususan byulleten matnidan nomzodning egallab turgan lavozimi (mashg‘ulotining turi) va ish joyi haqidagi ma’lumotlar chiqarib tashlanadi.

Okrug saylov komissiyasi tomonidan okrug bo‘yicha saylov natijalari to‘g‘risida bayonnomaning ko‘chirma nusxasi hamma tanishib chiqishi uchun okrug saylov komissiyasi binosiga kamida 48 soat muddatga darhol osib qo‘yish lozimligi to‘g‘risidagi tartib belgilanadi.

Bundan tashqari, loyihada saylov komissiyalarining qarorlari ustidan shikoyat qilish muddatini 10 kundan 3 kunga qadar qisqartirish taklifi bildirilgan.

Saylov jarayonini moliyalashtirish

Farmon loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining «Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida"gi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalarni kiritishni nazarda tutadigan qonun loyihasini tayyorlash ham ko‘rsatilgan.

Unga ko‘ra, siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqotini moliyalashtirishda davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lardan ko‘p bo‘lmagan miqdorda xususiy mablag‘larni ham jalb qilishga ruxsat berilishi mumkin. Chet el donorlari va xorijiy moliyaviy manbalardan yuboriluvchi mablag‘lar bundan mustasno bo‘ladi.

Siyosiy partiyalar tomonidan saylov kampaniyasi davrida G‘aznachilikda hisobvaraq ochish lozimligi haqidagi qoidani kiritish ham ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasining «Homiylik to‘g‘risida» gi Qonuniga saylovoldi tashviqoti va referendumga qo‘yilgan masalalar bo‘yicha tashviqot maqsadida homiylik qilish taqiqlanishiga oid cheklov bekor qilinishi rejalashtirilgan.

Yangi tartib bilan tashqi reklama vositalarida siyosiy partiyalar va nomzodlarga bepul joy ajratilish amaliyotidan voz kechiladi.

Bundan tashqari, «O‘zbekiston Respublikasi saylov qonunchiligi va saylovlarni o‘tkazish tajribasini yanada takomillashtirish» mavzusidagi xalqaro konferensiyani tashkillashtirish ham ko‘zda tutilgan.

Farmon loyihasining muhokamalari 4 iyunga qadar davom etadi.