21 may soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 2950 nafarni tashkil qilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Unga ko‘ra, aniqlangan yangi kasallanish holatlarining 6 nafari oldindan karantinda bo‘lgan fuqarolar, 5 nafari xorijdan kelgan shaxslar (barchasi xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisi) orasidan qayd etildi.

Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov so‘zlariga ko‘ra, hozirda Respublika bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan 565 kishi davolanmoqda, ulardan 5 nafarining ahvoli og‘ir, deb baholanmoqda.

Ayni paytda 45 mingdan ortiq fuqaro karantin muddatlarini o‘tayapti. Ularning 17 mingdan ortiqrog‘i statsionar sharoitida, qolgan 28 ming nafari uy sharoitida karantin tadbirlari bilan qamrab olingan.

Shuningdek, Respublikadagi mavjud virusologik laboratoriyalarda 540 mingtadan ortiq test sinovlari o‘tkazildi. Kechagi kunning o‘zida 12 mingga ko‘proq virusologik tekshirishlar o‘tkazildi, dedi Nurmat Otabekov.

Koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni hozirda 2372 kishini tashkil etmoqda. O‘n uch kishi hayotdan ko‘z yumgan.