Sirdaryo viloyatining Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarida 2640 ta xonadonga mo‘ljallangan 66 ta ko‘p qavatli uy joylashgan uchta aholi turar joylarining qurilishi boshlanmoqda. Bu uylar Sardoba suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishi natijasida kelib chiqqan suv toshqinida turar-joylaridan ayrilgan aholi uchun barpo etilmoqda.

Moliya vaziri o‘rinbosari Yorqin Tursunov texnogen falokat sababli 2640 ta uy yashash uchun yaroqsiz bo‘lib qolgani, 1781 ta uy esa ta’mirlanishga ehtiyoji borligi haqida xabar bergan edi. U, shuningdek, 66 ta uy qurilishi uchun 950 mlrd so‘m ajratilganini ma’lum qildi.

«Poytaxtdagidek sharoitlar»

Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Xidoyatov prezident topshirig‘iga binoan yashash uchun yaroqli va yaroqsiz uylar tezkorlik bilan aniqlanganini ta’kidladi.

Sardoba tumanining «Do‘stlik» mahallasida 37 ta uyli birinchi turar joy barpo etiladi (1480 ta xonadon, ulardan 25 tasi zahira uchun). U yerga «Qo‘rg‘ontepa», «Yurtdosh» va «Do‘stlik» mahallalarida jabr ko‘rgan 1455 ta uyda istiqomat qilganlar ko‘chiriladi.



Mirzaobod tumanida «Navbahor» va «Shodlik» mahallalaridan bo‘lgan 346 ta oila uchun 9 ta uy (360 ta xonadon, ulardan 14 tasi zaxira uchun) quriladi. Uylar «Navbahor» mahallasi hududida barpo etiladi.

Mirzaobod tumani «Haqiqat» mahallasida esa 20 ta ko‘p qavatli uy quriladi (800 ta xonadon, ulardan 31 tasi zaxira uchun). Yangi turar joyga «Haqiqat», «Do‘ngariq», «Mirzacho‘l», «Shodlik», «Sahovat», «A. Navoi» va «Ahillik» mahallalari aholisi ko‘chiriladi.

Sherzod Xidoyatovning so‘zlariga ko‘ra, yangi turar joylarning qurilish maydonlari britaniyalik Benoy kompaniyasi arxitektori Jon Devisnning tavsiyalariga ko‘ra aholi zichligi yuqori bo‘lgan joylardan tanlangan. Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari aholini boquvchi sug‘oriladigan yerlar uchun ko‘proq joy qoldirish maqsadida 20−40 qavatli uylar quriladigan Xitoydagi Chunsin shahrini ham misol qilib keltirdi.


Sherzod Xidoyatovning so‘zlariga ko‘ra, qurilish uchun aholi zichligi yuqori bo‘lgan maydonlar tanlangan.

«Zarar ko‘rgan hududlar ustidan uchib o‘tganimizda, 70 yillarda qurilgan uylarni ko‘rdik, temir betonli konstruksiyalar deyiladi. Shu uylar urbanistika jihatidan juda ham chiroyli taxlanib, ko‘chalari hammasi o‘ylanib qurilgan. O‘sha uylarning hammasi saqlanib qolgan. Ichida buzilib ketganlari bor, sababi aholi konstruksiyalarni buzib o‘rniga boshqa qo‘shimcha qurilmalar qilgan, shuning hisobiga konstruksiyadagi hisoblar o‘zgarib, u yerda talofat yetgan joyi bor. Lekin asosiy qismi, 90 foizi, saqlanib qolgan. Prezident ushbu uylarni tiklaganda zamonaviy talablarga javob beradigan, yaxshi uylar qilish kerakligini ta’kidladi. U yerda hozirgacha gaz bo‘lmagan. Gaz olib kelish kerak. Bu uylarda qishda issiq, yozda salqin bo‘lishi kerak. Ularni o‘rganib chiqqandan keyin, bu uylarning tashqi devorlariga o‘zimizda ishlab chiqarilgan bazalt qoplamalarini qoplash, tomlarini yangilash kerak bo‘lsa yangilash va ichini yuz foiz ta’mirlash bo‘yicha qarorga keldik», — dedi vazirning birinchi o‘rinbosari.

Sherzod Xidoyatov hudud havodan kuzatilganda, oraliq masofasi 500 m yoki 1 kmni tashkil etadigan paxsali uylar qurilgani aniqlanganini ham qo‘shimcha qildi. Uning ta’kidlashicha, ushbu sharoitlarda har bir uyga kommunikatsiya o‘tkazish qimmatga tushadi. Bundan tashqari, turar joylar egallab turgan maydonlarni kengaytirish ekin ekiladigan maydonlarining qisqarishiga olib keladi.


Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari yangi turar joylarda markazlashgan kanalizatsiya va barcha kerakli kommunikatsiyalar o‘tkazilishini ta’kidladi.

«Bu uylar uch xil edi. Shuning uchun biz uch xil loyihani ishlab chiqdik. Bundan keyin, davlat rahbari har bir mahallani hokimlarga biriktirib qo‘ydi (viloyat hokimlari — tahr.), ularga loyihalar topshirildi. Bugun ular loyihalar ustida ishlashmoqda. Bizning mahallalarimiz zamonaviy va barcha kommunikatsiyalar kirgan yangi mahallalar bo‘ladi. Prezident kanalizatsiya va gaz o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi. Hozir biz metan va kanalizatsiya ustida ishlayapmiz», — dedi u.

Sherzod Xidoyatovning so‘zlariga ko‘ra, aholi yangi turar joylari loyihalarini ko‘rib hayron qolishgan.

«Aholini loyihalar bilan tanishtirdik, bannerlar osdik, ular kelib ko‘rib: „Haqiqatda biz shunaqa joyda yashaymizmi?“ deb juda hayron qolishdi. Shu narsa bo‘ladi degandan keyin ular „Bizda ham Toshkentga o‘xshagan sharoit bo‘larkan“, deyishdi», — dedi u.

Kvartiralar rejasida bog‘-poliz asbob-uskunalari va jihozlarini saqlash uchun ombor ham ko‘zda tutilgan.


Qovun bozori o‘rnida Toshkentdagi kabi yopiq eko-bozor quriladi.


Zarar yetkazilgan ta’lim muassasalarini ta’mirlashdan tashqari 800 o‘rinli yangi maktab ham quriladi.


Maktabdan tashqari, 200 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi ham barpo etiladi.

«Prezident ushbu uylarni eng sifatli, eng salohiyatli quruvchilar qursin deb topshiriq berdi. Biz monolit uylarini qurgan eng salohiyatlilarini tanlab oldik. Va bularga kim qaysi hududlarda qurishi bo‘lib berildi», — dedi Sherzod Xidoyatov.

Toshkentlik quruvchilar

Prezidentning 1 maydagi farmoyishiga binoan, Qurilish vazirligi Sirdaryo hokimiyati bilan birgalikda ikki hafta ichida malakali pudrat takshilotlar orasida tanlov o‘tkazib, g‘oliblar bilan ko‘p qavatli uylar qurish bo‘yicha shartnoma imzolashi kerak edi.

Lekin 16 may kuni Gulistonda bo‘lib o‘tgan brifingda Moliya vazirining o‘rinbosari Yorqin Tursunov hukumat komissiyasi tomonidan vaqtinchalik nizom qabul qilinganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, talofat oqibatlarini bartaraf etishda parallel loyihalashtirish shartlari bilan istisno tariqasida ishlarni tashkillashtirish, pudratchi tashkilotlarga oldingidek 15 foiz emas, balki 30 foiz avans o‘tkazish hamda ishlarni tender va tanlovsiz tashkil etishga ruxsat berilgan.

«Sirdaryo viloyatiga kelishdan oldin 8−9 kun Buxoro viloyatida edim. U yerda ham shu tajriba qo‘llanildi, bu yerda ham shu yo‘lga qo‘yiladi», — deya ta’kidladi Sherzod Xidoyatov.

Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari «Gazeta.uz» muxbirining prezident farmoyishida pudratchi tashkilotlar orasida tanlov o‘tkazish belgilangan bo‘lsa-da, nega vaqtincha nizom qabul qilingani haqidagi savoliga javob bermadi. U Sirdaryo viloyatining uchta tumanidagi ko‘p qavatli uylar Whitecity Construction, Ecopark va Gold Step Invest kompaniyalari tomonidan qurilishini ma’lum qildi.

«Quruvchilar aniqlangan. Uylarni zudlik bilan qurish kerak ekanligini hisobga olib, eng salohiyatli va judayam tez aholi sotib olgan uylarni kim qurganligini o‘rgandik», — deya javob berdi Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari.

Whitecity Construction

Mirzaobod tumani «Haqiqat» mahallasidagi 20 ta uyni Whitecity Construction kompaniyasi quradi. Sherzod Xidoyatovning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya Toshkent shahridagi Chilonzor va Sergeli tumanlarida monolit uylar hamda talabalar shaharchasida o‘qituvchilar uylarini qurgan.

Kompaniya Toshkent shahrida 2018 yilning iyun oyida ro‘yxatga olingan. U 2018−2019 yillarda 9000 ta xonadon qurish loyihasida ham bosh pudratchi sifatida ko‘rsatilgan.


Tashkilotlar bo‘yicha yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Whitecity Construction ta’sischilari Mirsaid Mirvoxitov (30%), Nodirjon Asatov (30%) va Ismoil Isroilov (40%) hisoblanishadi. N.Asatov va I.Isroilov beton qorishmalarini ishlab chiqaradigan Durable Beton kompaniyasining ham ta’sischilaridir. Ismoil Isroilov oldinroq Akfa Engineering and Management direktori sifatida ishlagan. Bundan tashqari, u (58,5%) Ortiqxodjayev Zokirxo‘ja Abidovich (41,53%) bilan birgalikda qog‘oz va karton ishlab chiqaradigan Master Pack kompaniyasining ta’sischisi hisoblanadi.

«Kompaniyaning narxlari va mutaxassislari talablarga javob beradi. Kompaniya yangi texnologiyalardan foydalanadi, uning mutaxassislari asosan Turkiyadan», — dedi Sherzod Xidoyatov.

Gold Step Invest

Ikkinchi pudratchi kompaniya Gold Step Invest «Do‘stlik» mahallasida 37 ta ko‘p qavatli uy quradi. Kompaniya 2013 yil sentyabr oyida ro‘yxatga olingan, lekin bozorda 2003 yildan beri faoliyat yuritadi.

«Kompaniya ko‘plab uylar qurgan. Ulardan biri Qorasuv massivida (Toshkentda) Milliy Gvardiya harbiy xizmatchilari uchun. Toshkentda qurilgan Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi IT-maktab sifatini ham bilasizlar», — dedi Sherzod Xidoyatov.

Gold Step Invest saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya Toshkent shahrida 2003 yili tashkil etilgan hamda ijtimoiy-maishiy va madaniy inshootlar, tibbiyot muassasalari, turar joy, sport va sanoat inshootlarini qurishga ixtisoslashgan. Kompaniya ta’sischilari texnika fanlari nomzodi, davlat mukofotlari laureati, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan quruvchi Abdullayev Marat Nosirovich hamda yosh tadbirkor Davronjon Qobiljonovich Odilov.

2003−2008 yillarda kompaniya Nomdor Dizayn Servis, 2008−2013 yillarda — Global Stroy Invest, 2013 yildan esa — Gold Step Invest nomlari bilan faoliyat olib borgan. Kompaniya tomonidan Toshkentdagi yangi ippodromning qurilishi, Respublika Olimpiya zaxiralari kollejining qayta ta’mirlanishi, Humson Buloq sog‘lomlashtirish markazining qurilishi, Shedevr, «Yangi asr», «Megapolis» turar joylari, sog‘liqni saqlash inshootlari — Buxorodagi 300 o‘rinli perinatal markaz, Respublika pediatriya markazi, Respublika bolalar onkologiyasi bo‘limi hamda sanoat inshootlari — Arktika Botlers zavodi, Marvin Brands (zavod Dena) va boshqa binolar qurilishi amalga oshirilgan.

Hozirda Farrux Jurayevich Tojiboyev kompaniyaning yagona ta’sischisi hisoblanadi.


Silver Flex

Uchinchi developer kompaniya Silver Flex Mirzaobod tumani «Navbahor» mahallasida 9 ta uy qurishga buyurtma olgan. Sherzod Xidoyatovning aytishicha, pudratchi Toshkent mexanika zavodi (eski TAPOich zavodi) ro‘parasidagi Mahtumquli ko‘chasi bo‘ylab Greenpark «ekouylari»ni turkiyalik ÖzGüven bilan hamkorlikda qurgan.


Silver Flex 2016 yil 24 mart kuni ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, uning asosiy faoliyat turi xavfli bo‘lmagan chiqindilarni qayta ishlash va yo‘qotish hisoblanadi. Uning ta’sischilari OOO Green-Valley (50,5%) kompaniyasi va Kamoliddin Fayziyev (49,5%) hisoblanadi.

Sherzod Xidoyatov pudratchilar oldida zamonaviy, energiyani tejaydigan va sifatli uylarni qisqa muddatlarda qurish shartlari qo‘yilganligi aytdi.

«Bugun loyihalash bilan bir vaqtda mobilizatsiya ishlari ham boshlandi. Bu xizmatlarning narxi ancha arzonroq, chunki bu sohada ular ancha tajribaga ega, ular tez ishlashadi. Ular avvalo sifatga e’tibor berishlari kerak bo‘ladi. Narxni belgilash bo‘yicha ular shaffof ishlashadi», — deya ta’kidladi u.