O‘zbekistonda 2020 yilning 1 — 30-aprel kunlari sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari oqibatida 76 nafar kishi vafot etgan, deya Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, respublika hududida aprel oyi davomida jami 336 ta yo‘l-transport hodisalari sodir etilgan. Shundan 64 nafari o‘lim bilan bog‘liq YTHlardir. Mazkur hodisalar oqibatida umimiy 272 kishi tan jarohati olgan va 76 kishi vafot etgan. Bunda 38 nafari YTH joyida va 38 nafari esa 24 soatdan so‘ng shifoxonalarda vafot etganlar.

Ma’lum qilinishicha, 336 ta yo‘l-transport hodisalarning 38 tasida bolalar, 168 tasida piyodalar ishtirokida sodir etilgan. 8 ta holatda esa haydovchi mast bo‘lib transport vositasini boshqargani aniqlangan.

Shuningdek, aprel oyida yo‘l-transport hodisalari asosiy sabablari qatorida belgilangan tezlikka rioya qilmaslik (23,8 foiz), haydovchining ehtiyotsizligi (11,9 foiz), piyodalar yo‘lning belgilanmagan joyidan o‘tishi (9,2 foiz), haydovchi piyodani ko‘rmay qolishi (8 foiz) va harakat davomida yo‘nalishni o‘zgartirishi (8 foiz) bo‘lganligi Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi tomonidan keltiriladi.

IIV YHXBBning “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha mart oyida YTHlar soni 481 ta bo‘lgan. Ularda 392 nafar kishiga jarohat yetkizilgan va 107 kishi esa vafot etgan.

Ma’lumot uchun, yanvar-mart oylarida jami 1 619 ta YTH sodir etilgan bo‘lib, ular oqibatida 1 116 nafar kishi jarohatланgaн va 372 kishi vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, 14 aprel kuni bemorni olib ketayotgan tez tibbiy yordam mashinasi va Epica avtomobili ishtirokida sodir etilgan yo‘l-transport hodisasi haqida xabar berilgandi.