Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev 18 may kuni videokonferensiya rejimida o‘tkazilgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy majlisida mamlakat YeOIIning 2025 yilgacha rivojlanish strategiyasini qabul qilmasligini bildirdi. Bu haqda Forbes.kz nashri ma’lum qildi.

Qozog‘iston prezidenti strategiya g‘oyasini umuman olganda qo‘llab-quvvatlashini, biroq uning ba’zi qoidalari qo‘shimcha o‘rganish talab qilishini ta’kidladi. Uning fikricha, integratsiya ishlarida milliy qonunchilikning o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olinishi kerak. Shuningdek, strategiyaning milliy qonunchilikka moslashtirish masalasini ko‘rib chiqishda “zarur yetarlilik” tamoyilidan kelib chiqilishi lozim.

“Strategiyada taklif etilayotgan qonunchilikning huquqiy javobgarlikni belgilash nuqtai nazaridan, bir qator sohalarda bojxona, texnik jihatdan tartibga solish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish masalalari, bizning fikrimizcha, hozircha „zarur yetarlilik“ tamoyiliga javob bermaydi. Va bu milliy jamoatchilik tomonidan Strategiyaning rad etilishiga olib keladi, chunki strategiya hukumat va parlamentning suveren huquqlarini cheklaydi”, — dedi Qosim-Jomart To‘qayev.

Shu bilan birga, Qozig‘iston rahbari ushbu hujjatning YeOIIning kelajak istiqbollari uchun muhimligini hisobga olgan holda, uning muhokamasini keyinchalikka qoldirib, “yuzma yuz bo‘lgan majlis yig‘ilishida qabul qilish o‘rinli bo‘ladi”, deya ta’kidladi.

Shuningdek, Qozog‘iston rahbari o‘z nutqida O‘zbekiston parlamentining YeOIIga kuzatuvchi davlat sifatida qo‘shilishi to‘g‘risidagi qarorini mamnuniyat bilan qabul qilganini ta’kidladi.

Sammit yakunlariga ko‘ra, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasiga Strategiyani berilgan takliflarni ko‘rib chiqib, uni qayta ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Eslatib o‘tamiz, 11may kuni Oliy Majlisi Senati to‘rtinchi yalpi majlisida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan kuzatuvchi davlat sifatida hamkorligini ma’qullagan edi.