O‘zbekiston prezidentining qarori bilan bir qator qurilish texnikalari bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi. Bu haqda Qurilish vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 19 may kuni «Hududlarda ko‘p qavatli binolar qurish ishlarini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorda aytib o‘tilishicha, ushbu hujjatni qabul qilishdan maqsad respublikaning barcha hududlarida urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish, Sirdaryo va Buxoro viloyatlarida yuz bergan favqulodda hodisalar oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish va aholining zamonaviy uyhjoylarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish hamda qurilish-pudrat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash uchundir.

Qarorga muvofiq, quyidagilar bojxona to‘lovlaridan (qo‘shimcha qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etiladi:

  • 2021 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda import qilinadigan yangi qurilish va maxsus texnikalar hamda yuk tashish transport vositalari (27 turdagi);
  • 2020 yil 1 iyuldan 2023 yil 1 iyulgacha bo‘lgan muddatda ko‘p qavatli monolit uy-joylar qurish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatga muvofiq import qilinadigan beton quyish qoliplari, beton tayyorlash mashina va mexanizmlari.

Shuningdek, qarorga asasan 2020 yil 1 iyuldan 2023 yil 1 iyulgacha bo‘lgan muddatda bojxona to‘lovlarini to‘lovchilar import qilinadigan qurilish sohasida foydalaniladigan mashina va mexanizmlar, texnologik jihozlar, kichik mexanizatsiya vositalari, asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar bo‘yicha bojxona to‘lovlarini (qo‘shimcha qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) 120 kungacha kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqiga ega bo‘ladi.


Eslatib o‘tamiz, avvalroq, eksport qiluvchi korxonalarga mahsulotlarni eksport qilishda avtomobil, havo va temir yo‘l transportida tashish xarajatlarini qisman kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etilishi haqida xabar berilgandi.